Oʻzbekiston va Tojikiston temir yoʻl yuk tashish hajmini oshirishga kelishib oldilar
Oʻzbekiston va Tojikiston temir yoʻl yuk tashish hajmini oshirishga kelishib oldilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — "Termiz mintaqaviy temir yo‘l uzeli" filiali Quduqli stansiyasida O‘zbekiston va Tojikiston temir yo‘l rahbarlari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisi Z.G‘.Narzullayev hamda “Rohi Ohani Tojikiston” DUK rahbari Komil Jumaxon boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi yuk tashishlar hajmini oshirish, chegara stansiyalarida vagonlarni topshirish va qabul qilish jarayonlarini jadallashtirish, shuningdek, yuk tashish jarayonida yuzaga kelayotgan dolzarb masalalarni hal etish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda ikki davlat temir yo‘l o‘tkazish punktlari orqali har kuni 6 juftdan ortiq yuk poyezdlarini qabul qilish va topshirishni ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan o‘zaro kelishuvlar tasdiqlandi.