Oʻzbekiston va Pokiston qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Pokiston qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ayni kunlarda Pokiston Islom Respublikasida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshidjon Abduzuxurov boshchiligidagi delegatsiya Pokiston Islom Respublikasi Milliy oziq-ovqat xavfsizligi va tadqiqot vazirligi Federal kotibi Saif Anjum bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlikning bugungi holati atroflicha tahlil qilinib, uni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar tarixiy va savdo aloqalariga tayangan holda amaliy hamkorlikni kengaytirish zarurligini ta’kidladilar.
Muzokaralar chog‘ida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish, xususan kartoshka, meva-sabzavot, go‘sht hamda dukrakli ekinlar bo‘yicha sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, Pokistonning Karachi va Gvadar portlari orqali O‘zbekiston mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Fitosanitariya va veterinariya yo‘nalishlarida eksport protokollarini takomillashtirish, karantin tartib-taomillarini muvofiqlashtirish hamda go‘sht mahsulotlari uchun sovutilgan (chilled) logistika zanjirini rivojlantirish ustuvor vazifalar sifatida belgilab olindi.
Shuningdek, ilmiy-tadqiqot hamkorligi, urug‘chilik va seleksiya, innovatsion texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilinib, tegishli ilmiy muassasalar o‘rtasida hamkorlik memorandumlarini imzolash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar qo‘shma ishchi guruh faoliyatini faollashtirish, aniq “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish hamda Bitim imzolash bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Qayd etilishicha, mazkur muzokaralar O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat xavfsizligi sohasida uzoq muddatli, barqaror va o‘zaro manfaatli strategik hamkorlikni shakllantirishda muhim qadam bo‘ldi.