Oʻzbekiston va MIMOS yarimoʻtkazgichlar sanoatini rivojlantirishni muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va MIMOS yarimoʻtkazgichlar sanoatini rivojlantirishni muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va MIMOS yarimoʻtkazgichlar sanoatini rivojlantirishni muhokama qilishdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 3-aprel kuni Malayziyaning yetakchi ilmiy-tadqiqot va innovatsion markazlaridan biri — “MIMOS Holding Sdn Bhd” kompaniyasining bosh ijrochi direktori Razman Jaafar hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda “MIMOS Holding Sdn Bhd” kompaniyasi vitse-prezidenti Ramesh Kumar Nadaradja, kompaniyaning investitsiyalar bo‘yicha bosh direktori Azima bintu Abdul Qodir hamda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Umrzakov, «O‘zeltexsanoat» uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.

Muloqot davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, mavjud aloqalarni kengaytirish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan atroflicha muhokamalar olib bordi.

Xususan, muhokamalar davomida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi:

O‘zbekistonda elektronika va elektrotexnika hamda yarimo‘tkazgichlar (semiconductors) sanoatini rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda innovatsion ekotizimni kengaytirish;

elektrotexnika va yarimo‘tkazgichlar sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, ilmiy salohiyatni oshirish hamda sohaga oid to‘liq qiymat zanjirini (value chain) shakllantirish;

elektronika va yarimo‘tkazgichlar sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish doirasida integratsiyalashgan yondashuvlarni joriy etish hamda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni transfer qilish;

integral sxemalar (IC design) dizayni, ya’ni mikrochiplarni loyihalash bo‘yicha maxsus o‘quv dasturlari va treninglarni tashkil etish orqali milliy mutaxassislar bazasini shakllantirish.

O‘z navbatida, “MIMOS Holding Sdn Bhd” kompaniyasi vakillari O‘zbekiston bilan yuqori texnologiyalar sohasida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirib, yarimo‘tkazgichlar sanoatini rivojlantirish borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlar va yaratilayotgan imkoniyatlarga alohida e’tibor qaratdi.

Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, yuqoridagi masalalar yuzasidan fikrlar almashinuvini kengaytirish hamda belgilangan maqsadlarga yetishda samarali va tizimli faoliyat olib borishga kelishib oldi.

 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling