Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Amerikaning Kaizen Aerospace kompaniyasi bilan qishloq xoʻjaligi sohasiga dronlarni joriy etish boʻyicha memorandum imzoladi
Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Amerikaning Kaizen Aerospace kompaniyasi bilan qishloq xoʻjaligi sohasiga dronlarni joriy etish boʻyicha memorandum imzoladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov ayni paytda xizmat safari bilan AQShda bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida nufuzli tashkilotlar, vazirlik va idoralar bilan agrar sohada innovatsiyalarni kengaytirishga qaratilgan muloqotlar olib borilmoqda.
Jumladan, “Kaizen Aerospace, Inc.” kompaniyasi bosh direktori Ziv Marom bilan qishloq xo‘jaligida uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar)dan foydalanish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hamda qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish istiqbollari yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi.
Muloqot yakunida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda “Kaizen Aerospace, Inc.” kompaniyasi o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.
Hamkorlik doirasida qo‘shma korxona tashkil etish, pilot loyihalarni bosqichma-bosqich kengaytirish, Dron akademiyasini tashkil qilish hamda kelgusida dronlarni yig‘ish va mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganish rejalashtirilgan.
Mutaxassislar fikricha, loyiha resurslardan samarali foydalanish, xarajatlarni kamaytirish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish va hosildorlikni oshirish orqali agrar sektor samaradorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Tomonlar hamkorlikni bosqichma-bosqich amalga oshirish, biznes-model hamda moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish va amaliy harakatlar rejasini shakllantirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishdi.
Memorandum dron texnologiyalarini agrar sohaga joriy etish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, ta’lim va metodologik faoliyatni rivojlantirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.