NKMK 2024 yilda rekord natijaga erishdi — 3,1 million unsiya oltin ishlab chiqarildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2024 yilda Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) tarixiy ko‘rsatkichga erishib, ilk bor 3 million unsiyadan ortiq oltin ishlab chiqardi. Bu haqda korxonaning birinchi bosh direktor o‘rinbosari va transformatsiyalar bo‘yicha direktori Yevgeniy Antonov Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida maʼlum qildi.
«O‘tgan yili muhim marradan o‘tdik: oltin ishlab chiqarish hajmi 3,1 million unsiyani tashkil etdi. Bu yetti yil oldingiga nisbatan 30 foizga ko‘p. Bizning resurs bazamiz dunyodagi eng yiriklardan biri bo‘lib, taxminan 150 million unsiyani tashkil etadi. Bu esa kamida yana yarim asr davomida ish faoliyatimizni taʼminlaydi», — dedi Antonov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yilda NKMK 7,4 milliard AQSH dollari miqdorida rekord tushumga erishgan.
«Biz yuqori samaradorlikni namoyon etmoqdamiz: EBITDA ko‘rsatkichi 60 foizdan oshib ketgan. Shuningdek, biz dunyodagi eng kam xarajatli oltin ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanamiz. NKMK — bu to‘liq integratsiyalangan tuzilma bo‘lib, barcha ishlab chiqarish jarayonlari O‘zbekiston hududida joylashgan. Biz mamlakatdagi eng yirik soliq to‘lovchilardan biri, yetakchi ish beruvchilardan va yalpi ichki mahsulotning 6,5 foizini taʼminlovchi korxonamiz», — deya taʼkidladi u.
Antonov o‘z chiqishida barqaror rivojlanish mavzusiga alohida eʼtibor qaratdi. Unga ko‘ra, samarali ishlab chiqarish ekologik masʼuliyat bilan uyg‘unlashishi lozim:
«Biz barqaror oltin ishlab chiqarishga intilayapmiz. Ekologiyaga oid masalalar ustuvor yo‘nalishlarimizdan biri hisoblanadi. Xususan, qayta tiklanadigan energetika sohasida loyihalar jadal rivojlanmoqda. Joriy yil oxiriga qadar ishlab chiqarishda “yashil” energiya ulushi 20 foizdan oshib ketishi kutilmoqda», — dedi u.