Mirziyoyev issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish va meva-sabzavot mahsulotlari eksportini ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Issiqxona xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish va eksport hajmini ko‘paytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonni qabul qilishdan ko‘zlangan maqsad etib meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmini ko‘paytirish, issiqxona xo‘jaliklari faoliyatini yana-da rivojlantirish hamda yangi zaxira va imkoniyatlarni ishga solish belgilandi.
Farmonga ko‘ra, 2025–2027 yillarda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmini oshirish, issiqxona xo‘jaliklari faoliyatini yana-da rivojlantirish hamda qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:
meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmini 2026 yilda – 3,5 milliard AQSH dollari, 2027 yilda 4 milliard AQSH dollariga yetkazish;
issiqxona xo‘jaliklarini tabiiy gaz bilan kafolatli taʼminlagan holda meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish hajmini
2026 yilda – 620 ming tonnaga, 2027 yilda 670 ming tonnaga yetkazish, ushbu mahsulotlarning eksporti hajmini 30 foizdan 70 foizga oshirish;
2026 yilda qo‘shimcha aniqlangan 20 ming gektar, 2027 yilda 15 ming gektar dala chetiga mevali ko‘chat va sabzavotlar ekishni tashkil etish.
Issiqxona xo‘jaliklari uzluksiz ishlashini taʼminlash uchun ularga quyidagi imtiyozlar berildi:
2026 yil 1 yanvardan boshlab 2028 yil yakuniga qadar ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib;
2025 yil 1 oktyabr holatiga mavjud soliq qarzi yuzasidan to‘lov muddati foizlarni hisoblamagan holda 2028 yil yakuniga qadar uzaytiriladi.