Minskda O‘zbekiston-Belarus Hukumatlararo komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 18 iyun kuni Minsk shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Ochilboy Ramatov va Belarus Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Yuriy Shuleyko hamraisligida O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 11-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Halimjon Safarov ham ishtirok etdi.
O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2024 yilda 620,1 mln. dollarga yetgan (+14,8%). Asosiy eksport tovarlariga sanoat mahsulotlari, tayyor mahsulotlar, oziq-ovqat va transport uskunalari kiradi. Import asosan oziq-ovqat, mashinalar, kimyo mahsulotlari va sanoat xomashyosidan iborat.
Tadbir davomida sanoat kooperatsiyasi, transport aloqasi, qishloq xo‘jaligi, hududlararo sheriklik, sog‘liqni saqlash, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlik kabi sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni izchil rivojlantirishga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirdilar. Shuningdek, Hukumatlararo komissiyasi 11-yig‘ilishining yakuniy bayonnomasi imzolandi.