London muzokaralari Oʻzbekiston biznesi uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda

London muzokaralari Oʻzbekiston biznesi uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda

London muzokaralari Oʻzbekiston biznesi uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — London shahrida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov Britaniya Savdo palatasi (British Chambers of Commerce) vakillari — xalqaro va mahalliy kompaniyalar bilan ishlash bo‘yicha direktor Anna-Mariya Martin hamda strategiya bo‘yicha menejer Ben Martin bilan uchrashdi.

Britaniya Savdo palatasi 50 ta hududiy tuzilmani birlashtirib, 50 mingdan ortiq kompaniyani qamrab oladi. Ularning asosiy qismi — 41 mingga yaqini kichik va o‘rta biznes, 16 mingga yaqini esa yirik va xalqaro kompaniyalardir.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston iqtisodiyotining eksport salohiyati va jadal rivojlanayotgan tarmoqlari muhokama qilindi. Xususan, elektrotexnika, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati, zargarlik mahsulotlari hamda turizm sohalari ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.

Tomonlar, shuningdek, O‘zbekiston kompaniyalarini Britaniya bozoriga olib chiqish mexanizmlari, biznesni qo‘llab-quvvatlash vositalari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri B2B aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlarini atroflicha muhokama qildilar.

O‘zbekiston delegatsiyasining joriy yil iyun oyida bo‘lib o‘tadigan Britaniya Savdo palatasining yillik konferensiyasida ishtirok etishi rejalashtirilmoqda. Bu tadbir ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni chuqurlashtirish, qo‘shma biznes missiyalar tashkil etish va O‘zbekiston kompaniyalarining Britaniya bozoriga chiqishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling