KDHC va Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi biomassa kogeneratsiyasi loyihalarini muhokama qilishdi
KDHC va Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi biomassa kogeneratsiyasi loyihalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ullari Korea District Heating Corporation (KDHC) vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotda ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, istiqbolli loyihalarni amaliyotga joriy etish masalalari batafsil muhokama qilindi.
Suhbat davomida qishloq xo‘jaligida resurslardan samarali foydalanish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish hamda energiya tejamkor texnologiyalarni tatbiq etish masalalarining dolzarbligi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvda paxta g‘o‘za poyalari kabi biomassa xomashyolaridan foydalanib elektr energiyasi va issiqlik ishlab chiqaruvchi kogeneratsiya zavodi qurish bo‘yicha to‘liq texnik-iqtisodiy asoslash (TIA) ishlarini amalga oshirish rejalari muhokama qilindi.
Shuningdek, markazlashgan issiqlik ta’minotidan foydalana olmaydigan kichik aholi punktlari, jumladan maktab va shifoxonalar uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalariga asoslangan, o‘zini-o‘zi ta’minlay oladigan issiqlik tizimlarini yaratish bo‘yicha dastlabki TIA loyihalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar aniq takliflarni ishlab chiqish, hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish hamda amaliy natijalarga erishishga qaratilgan sa’y-harakatlarni izchil davom ettirish borasida kelishib oldilar.