Kambag‘al oilalarga o‘rmon fondi yerlarida ekilgan daraxtlar uchun subsidiya ajratiladi
Kambag‘al oilalarga o‘rmon fondi yerlarida ekilgan daraxtlar uchun subsidiya ajratiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Hukumat qarori (798-son, 18.12.2025 y.) bilan “Kambag‘al oila aʼzolariga o‘rmon fondi yerlarida ekilgan daraxtlar uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, Kambag‘al oila aʼzolariga o‘rmon fondi yerlarida ekilgan va parvarishlangan har 100 ta daraxt uchun BHMning 1 baravari miqdorida subsidiya ajratiladi.
Talabgor o‘rmon xo‘jaligi tashkiloti tomonidan tayinlangan masʼul xodim (murabbiy) tavsiya va ko‘rsatmalariga asosan tanlangan maydonda yerni tayyorlaydi, daraxt ko‘chatlarini 1 mavsum davomida ekadi va parvarishlaydi.
Murabbiy tuman (shahar) ekologiya bo‘limi bilan birgalikda talabgor tomonidan ekilgan daraxt ko‘chatlarini joyiga chiqqan holda dalolatnoma va fotohisobot asosida qabul qilib oladi.
Tuman (shahar) ekologiya bo‘limi tomonidan “Ekofaol fuqaro” platformasida har bir talabgor uchun shaxsiy kabinet ochilib, unga ekilgan daraxt ko‘chatlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar kiritib boriladi.
Kiritilgan maʼlumotlar tuman (shahar) ekologiya bo‘limi tomonidan 5 ish kuni ichida tasdiqlanadi yoki tasdiqlanishi rad etiladi.
Tuman (shahar) ekologiya bo‘limi ekilgan daraxt ko‘chatlari soniga mutanosib ravishda subsidiyaning 50 foizini talabgorga to‘lab berish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmalariga talabnoma yuboradi.
Ekologiya boshqarmalari subsidiya mablag‘larini 5 ish kuni mobaynida talabgorning bank kartasiga o‘tkazib beradi.