Jizzax viloyatida ikki nafar bola tibbiy kuzatuv ostida qolmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Jizzax viloyatida avval yengil kasallik belgilari kuzatilgan ikki nafar bola hozircha shifokorlar nazoratida ekani haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi maʼlum qildi.
Vazirlik maʼlumotlariga ko‘ra, 2025 yil 9 oktyabr kuni Forish tumanidagi bir nechta maktabgacha taʼlim muassasalarida tarbiyalanuvchilarda isitma, ko‘ngil aynishi va vaqtinchalik hazm buzilishi holatlari kuzatilgan. Barcha bolalarga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilgan, ularning ahvoli barqaror, hayot va sog‘liqlariga xavf yo‘q.
«Hozirgi vaqtda faqat ikki nafar bola profilaktika maqsadida shifokorlar nazoratida qolmoqda», — deya taʼkidladi Sog‘liqni saqlash vazirligi. Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, kasallik oziq-ovqat bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, ammo aniq sabab laboratoriya tahlillari yakunlanganidan so‘ng maʼlum bo‘ladi. Sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislari oziq-ovqat va suv namunalarini tahlil uchun olgan.
Tuman hokimligi maʼlumotiga ko‘ra, 9 oktyabr kuni soat 9:00 dan 16:00 gacha 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 37 nafar bola tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Ular 1-, 3-, 5- va 7-sonli bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchilari bo‘lib, asosan isitma, ko‘ngil aynishi, qorin og‘rig‘i, ich ketishi va xolsizlikdan shikoyat qilgan.
Jizzax viloyati Sanitariya-epidemiologik xavfsizlik va jamoat salomatligi boshqarmasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, ommaviy kasallanish oziq-ovqat mahsulotlarini tashish, saqlash va ishlov berishda sanitariya qoidalarining buzilishi bilan bog‘liq bo‘lib, bu holat bolalarda hazm buzilishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni xotirjamlikni saqlashga va tekshirilmagan maʼlumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi. Vazirlik maʼlumot berishicha, vaziyat to‘liq nazorat ostida va barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.