Valyuta kurslari 12/12/2025
$1 – 12047.45
UZS – 0,22%
€1 – 14099.13
UZS – 0,79%
₽1 – 151.90
UZS – -2,31%
Qidirish
Jahon banki Oʻzbekistonda taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish uchun 250 million dollar ajratdi

Jahon banki Oʻzbekistonda taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish uchun 250 million dollar ajratdi

Jahon banki Oʻzbekistonda taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish uchun 250 million dollar ajratdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekiston uchun 250 mln dollar miqdoridagi kreditni ma’qulladi. Ushbu mablag‘lar oliy, texnik va kasb-hunar ta’limi tizimida talabalarni moliyalashtirishdan teng foydalanishni kengaytirishga qaratilgan dasturni (“EduImkon” dasturi) amalga oshirish uchun mo‘ljallangan.

Kelgusi uch yil davomida ushbu dastur talabalarni moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirishga va butun mamlakat bo‘ylab 600 ming yoshlar uchun ta’lim kreditlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga yordam beradi. Dasturiy mablag‘larning qariyb 80 foizi kam ta’minlangan oilalar farzandlari bo‘lgan talabalar va xotin-qizlarga kredit ajratishga yo‘naltiriladi.

O‘zbekiston hukumati 14-30 yoshdagi fuqarolar sonining nisbatan ko‘pligini (10 million kishi atrofida) hisobga olgan holda, ularning oliy, texnik va kasbiy ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Amalga oshirilgan tegishli chora-tadbirlar natijasida oliy ta’lim muassasalari soni qariyb 3 barobarga oshdi, yoshlar o‘rtasida oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 2017-yildagi 8 foizdan 2024-yilda 48 foizga yetdi.

Biroq, oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kiruvchilar sonining ko‘payishi byudjetga bosimni oshirdi va talabalarga davlat tomonidan subsidiyalangan kreditlarni taqdim etuvchi tizimining barqarorligini ta’minlashni qiyinlashtirdi. Bu kreditmlar xozirgi kunda mahalliy tijorat banklari orqali berilib kelinmoqda.

Bundan tashqari, talabalarni moliyalashtirish tizimi mehnat bozori ehtiyojlarini yetarli darajada hisobga olmaydi. Hozirgi vaqtda ta’lim kreditlaritabiiy fanlar, texnologiyalar, muhandislik va matematika (STEM), shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari  kabi mutaxassislarga talab yuqori bo‘lgan dasturlar bo‘yicha o‘qitishga yo‘naltirilmaydi va natijada bitiruvchilarning yaxshi maoshli ish topish imkoniyatlarini kamaytiradi.

Xotin-qizlar barcha oliy o‘quv yurtlari talabalarining 55 foizini va ta’lim kreditlari oluvchilarning 80 foizini tashkil etsa-da, talaba qizlarning atigi 33 foizi mehnat bozorida ko‘nikmalarga talab eng yuqori bo‘lgan STEM yo‘nalishlarida tahsil olishini ham inobatga olish kerak.

Jahon banki tomonidan moliyalashtiriladigan “EduImkon” dasturi 2026-2028-yillarda O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan talabalarni moliyalashtirish tizimidagi mavjud to‘siqlarni bartaraf etish uchun amalga oshiriladi. Kelgusi uch yil davomida dastur ko‘magida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan:

Ta’lim kreditlari tizimida boshqaruv va operatsion jarayonlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha aniq “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va amalga oshirish, shuningdek, ushbu sohada tegishli vazirlik va idoralar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni takomillashtirish.

Ta’lim kreditlari uchun arizalarni ko‘rib chiqishni soddalashtirish va tezlashtirish uchun yagona onlayn platformani ishga tushirish, shuningdek, talabalarni moliyalashtirish, kredit oluvchilarning holatini kuzatish hamda kreditlarni taqsimlash jarayonida qarorlar qabul qilish uchun zarur bo‘lgan tahliliy ma’lumotlarni to‘plash jarayonlarida samaradorlik va shaffoflikni oshirish.

Kam ta’minlangan oilalar va xotin-qizlar uchun ta’lim kreditlari berish mezonlarini soddalashtirish va ushbu guruhlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini o‘zgartirish orqali talabalarning oliy, texnik va kasb-hunar ta’limidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni ko‘rish.

Ta’limning mehnat bozori ehtiyojlariga muvofiqligini oshirish va ta’lim kreditlari tizimining uzoq muddatli moliyaviy barqarorligini ta’minlash.

Kam daromadli va o‘qishni tugatgandan so‘ng vaqtinchalik ishsizlikka duch kelgan talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qarz oluvchining daromadiga bog‘liq to‘lovlar bilan kreditlash tizimini ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish.

2028-yil dekabriga qadar oliy o‘quv yurtlarining 600 mingga yaqin talabalari, shuningdek, texnik va kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari talabalarni moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlashning modernizatsiya qilingan tizimi taqdim etadigan imkoniyatlaridan foydalanishlari kutilmoqda. Ularga ta’lim krediti Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda ishlaydigan 12 ta tijorat banki tomonidan ajratiladi.

190 million dollardan ortiq mablag‘ yoki “EduImkon” dasturi mablag‘larining qariyb 80 foizi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan, kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan yoshlar va xotin-qizlarga ta’lim kreditlari ajratish, shuningdek, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlarini, xususan, STEM mutaxassisliklarini tanlashni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, “EduImkon” dasturi qo‘shimcha 30 million dollar xususiy kapitalni jalb qilishga yordam beradi. Bu talabalarni kreditlash imkoniyatlarini kengaytirishga yordam beradi va davlat byudjetiga bosimni kamaytiradi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling