Valyuta kurslari 13/06/2025
$1 – 12705.79
UZS – 0,47%
€1 – 14704.41
UZS – 1,68%
₽1 – 159.20
UZS – -1,04%
Qidirish
Dunyo 13/06/2025 Isroil Eronning yadroviy va harbiy infratuzilmasiga keng ko‘lamli zarba berdi

Isroil Eronning yadroviy va harbiy infratuzilmasiga keng ko‘lamli zarba berdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 13 iyunga o‘tar kechasi Isroil harbiy-havo kuchlari Erondagi asosiy obyektlarga, jumladan, atom va raketa majmualari, Islom inqilobi posbonlari korpusi ((IIPK) qo‘mondonlik tizimi hamda yuqori lavozimdagi harbiy amaldorlar yashaydigan uylarga bir qator havo zarbalarini amalga oshirdi. Amaliyot “Sherlar millati” (ingl. Operation “Rising Lion”) deb nomlandi.

OAV maʼlumotlariga ko‘ra, hujumlar Tehron, Natanz, Xondyab va boshqa hududlarda joylashgan uran boyitish markazlari, raketa zavodlari va IIPK shtablariga qaratilgan. Tehronga zarbalar berilganidan keyin havoda havo hujumi sirenalari yangradi, Isroil o‘z havo makonini yopdi va butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat eʼlon qildi.

Isroil mudofaa vaziri Israel Kas Eron tomonidan mumkin bo‘lgan javob zarbalari haqida ogohlantirib, fuqarolarni keskinlashuvga tayyor bo‘lishga chaqirdi. Bosh vazir Binyamin Netanyaxu esa “tahdid bartaraf etilmaguncha amaliyot davom etadi”, deb bayonot berdi.

Eron qo‘mondonligi orasida yo‘qotishlar

Tasnim davlat agentligi IIPK bosh qo‘mondoni Xoseyn Salami, Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Muhammad Bageri hamda yana bir yuqori lavozimli general — Golam Ali Rashidning halok bo‘lganini tasdiqladi. Shuningdek, ikki yadroviy olim — Fereydun Abbasi-Davan va Muhammad Mehdiy Teranchi ham halok bo‘ldi. Bundan tashqari, Tehrondagi turar joy massivlarida bolalarning o‘limi bilan yakunlangan tinch aholi orasida qurbonlar borligi xabar qilindi.

AQSH ishtirok etmadi, Eron javob berishga tayyor

AQSH davlat kotibi Marko Rubio Vashington amaliyotda ishtirok etmaganini va Isroilga yordam ko‘rsatmaganini maʼlum qilib, mintaqadagi Amerika kuchlarini himoya qilishni ustuvor deb atadi. AQSH amaliy harakatlarda ishtirok etmagan bo‘lsa-da, hujumlardan avval xabardor qilinganini tasdiqladi.

Bunga javoban Eron Oliy rahbari Ayatullo Xomanaiy Isroil harakatini “butunlay jinoyat” deb atab, Isroilni “achinarli va dahshatli taqdir” kutayotgani haqida ogohlantirdi.

Shuningdek, Oliy rahbar Eron qurolli kuchlariga javob choralarini ko‘rishda “erkin harakat qilish huquqi”ni berdi.

Islom inqilobi posbonlari korpusi bu hujum “javobsiz qolmaydi” deb eʼlon qildi va “qatʼiy va qattiq” javob berishga vaʼda berdi.

Oqibatlar: xalqaro munosabat va iqtisodiy larzalar

Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) Isroilning Natanzga zarbasini tasdiqladi va radiatsion holatni monitoring qilishni boshladi.

Hujumdan so‘ng Eron o‘z havo makonini yopdi, tijorat aviakompaniyalari esa parvoz yo‘nalishlarini o‘zgartirdi.

Jahon bozorlari darhol reaksiya qildi: neft narxi 6 foizdan 9 foizgacha ko‘tarildi, fond bozorlari pasaydi, sarmoyadorlar esa xavfsiz aktivlar — oltin, Shveysariya franki va yapon iyenasiga o‘tishdi.

Xitoy va Iroq kabi bir qator davlatlar xavfsizlik choralarini kuchaytirdi va vaqtincha havo makonini yopdi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterresh harbiy keskinlashuvning yangi bosqichidan xavotir bildirdi va tomonlarni tiyilishga chaqirdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling