Islomobodda Oʻzbekiston-Pokiston siyosiy maslahatlashuvlari boʻlib oʻtdi
Islomobodda Oʻzbekiston-Pokiston siyosiy maslahatlashuvlari boʻlib oʻtdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yilning 31-yanvar kuni Islomobod shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning 9-davrasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston delegatsiyasiga tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon Aʼloyev, Pokiston tomoniga tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sayid Ali Asad G‘iloniy rahbarlik qildi.
Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi O‘zbekiston-Pokiston hamkorligining holati va istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Oliy va yuqori darajadagi tashriflar chog‘ida erishilgan kelishuvlarning ijrosi ko‘rib chiqildi.
Tomonlar turli darajadagi faol aloqalar, o‘zaro savdo hajmi izchil o‘sib borayotgani va sanoatning ustuvor tarmoqlarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, shartnomaviy-huquqiy bazani kengaytirish hamda ko‘p tomonlama platformalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor jihatlariga eʼtibor qaratildi.
Savdo, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, turizm, taʼlim va sog‘liqni saqlash, farmatsevtika sohalarida mavjud salohiyatdan foydalanishga alohida eʼtibor qaratildi.
Maslahatlashuvlar davomida joriy yilda rejalashtirilgan turli darajadagi tashriflar, qo‘shma tadbirlar, jumladan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi, biznes-forum va milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi, shuningdek, qator madaniy tadbirlarni o‘tkazishning muhimligi urg‘ulandi.
O‘zbekiston va Pokiston ikki tomonlama kun tartibidagi keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha amaliy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida yaqin muloqotni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.