Islom taraqqiyot banki raisi O‘zbekistonga tashrif buyuradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Islom taraqqiyot banki (IsDB) guruhi raisi doktor Muhammad Al Jasser 2025 yil 17–18 sentyabr kunlari Namanganda bo‘lib o‘tadigan Qashshoqlikni qisqartirish bo‘yicha III Xalqaro forumda ishtirok etish, shuningdek, mamlakat hukumati vakillari bilan yuqori darajadagi muzokaralar o‘tkazish uchun O‘zbekistonga tashrif buyuradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ashkil etilgan mazkur forum jahon yetakchilarini, ko‘p tomonlama taraqqiyot banklari va xalqaro tashkilotlar vakillarini qashshoqlikni qisqartirish jarayonini tezlashtirishga qaratilgan innovatsion yondashuvlarni muhokama qilish uchun bir joyga to‘playdi.
Doktor Al Jasser tadbir doirasida ochilish nutqini so‘zlaydi hamda «Qashshoqlikni qisqartirishda islomiy moliyaning o‘rni: yangi imkoniyatlar va yechimlar» mavzuida asosiy maʼruza qiladi.
Forumda ishtirokdan tashqari, IsDB raisi bir qator yuqori darajadagi uchrashuvlar o‘tkazadi va Bankning strategik ahamiyatga ega sohalardagi — maktabgacha taʼlim va sog‘liqni saqlash kabi — loyihalari bilan tanishadi.
IsDB‘ning O‘zbekiston milliy rivojlanish ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi faoliyati uni taraqqiyotni maksimal darajada oshirishga, sheriklik resurslarini safarbar etishga va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ilgari surishga xizmat qiluvchi institut sifatidagi rolini yana bir bor tasdiqlaydi.