“Ipoteka-bank” 400 million dollarlik ikki valyutali obligatsiyalarni Vena birjasida joylashtirishni rejalashtirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Ipoteka-bank” umumiy qiymati 400 million dollarlik yangi ikki valyutali obligatsiyalarni joylashtirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda, deya xabar berdi Investing.com bankning press-relizi asosida.
Loyihaga ko‘ra, besh yillik 300 million dollarlik va uch yillik, umumiy qiymati 100 million dollarga teng bo‘lgan o‘zbek so‘mlaridagi obligatsiyalar chiqarilishi nazarda tutilgan. Ikki seriyali obligatsiyalarning joylashtirilishi Vena fond birjasi (MTF)da amalga oshiriladi.
J.P. Morgan Securities PLC stabilizatsiya koordinatori sifatida qatnashadi, Citi, OTP Bank, Societe Generale, Bank of China va Mashreq Bank esa chiqarilishni boshqaruvchi banklar sifatida ishtirok etadi. Stabilizatsiya davri 2025 yil 2 oktyabrdan 2 noyabrgacha davom etadi. Bu vaqt mobaynida tashkilotchilar chiqarilgan obligatsiyalar hajmining 5 foizigacha bo‘lgan qismini bozor narxini qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltirishlari mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yil noyabrida “Ipoteka-bank” London fond birjasida besh yillik xalqaro obligatsiyalarni 300 million dollar miqdorda, yillik 5,5 foiz stavkasini belgilgan holda joylashtirgan edi. Ushbu majburiyatlar 2025 yil oktyabr oyi oxirida to‘liq qoplanishi kerak.
2023 yil iyunida Vengriyaning OTP Bank‘i “Ipoteka-bank”dagi 73,71 foiz davlat ulushini 324 million dollarga sotib olish jarayonini yakunladi. Shu bilan birga, kelgusi uch yil ichida qolgan 25 foiz aksiyalarni sotib olib, o‘z ulushini 98 foizga yetkazishni rejalashtirmoqda. 2024 yil aprelida esa bank Vena fond birjasida qiymati 1,4 trln so‘m bo‘lgan, yillik 20,5 foiz kupon stavkasi bilan uch yillik yevroobligatsiyalarni chiqargan edi.