Hamroh va XMT migrant oilalardagi ayollarni qo'llab-quvvatlash to'g'risida memorandum imzoladilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Hamroh” xotin-qizlar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash kompaniyasi va Xalqaro Migratsiya Tashkiloti (IOM) o‘rtasida migrantlar oilalaridan bo‘lgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash maqsadida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Imzolangan memorandum doirasida tomonlar bir nechta hamkorlik yo‘nalishlarini belgiladilar. Xususan, migrantlar oilalaridagi ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun grant va o‘quv dasturlari orqali moliyaviy manbalarni jalb etish rejalashtirilgan.
Ayollarning barqaror daromad topishiga va iqtisodiy zaiflikni kamaytirishga xizmat qiluvchi manzilli grant mexanizmlari ishlab chiqiladi. Shuningdek, tajriba almashish va biznes uyushmalari bilan hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan mentorlik dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. Dasturlar samaradorligini oshirish uchun monitoring va baholash tizimi joriy etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining konsultanti – Inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha Loyiha ofisi rahbari Nozimaxon Davletova bu borada «Ayollarning imkoniyatlarini kengaytirar ekanmiz, biz ularni faqat qo‘llab-quvvatlamaymiz, balki oilalarning o‘zgarishi uchun sharoit yaratamiz.
Bu oilaviy byudjetni oqilona boshqarish, pul o‘tkazmalaridan samarali foydalanish va iqlim o‘zgarishlariga nisbatan uy xo‘jaliklarining bardoshliligini oshirishga xizmat qiladi» deya ta'kidlab o'tdi.