Fargʼonada “Fargʼona – Pyontek” biznes-forumi oʼtkazildi
Fargʼonada “Fargʼona – Pyontek” biznes-forumi oʼtkazildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 13-mart kuni Fargʼona shahridagi viloyat axborot-kutubxona markazida Fargʼona viloyati hamda Janubiy Koreyaning Pyontek shahri oʼrtasida iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan biznes-forum boʼlib oʼtdi.
Ikki hudud ishbilarmon doiralari oʼrtasidagi oʼzaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish hamda qoʼshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda ikki davlatning ishbilarmon doira vakillari, tadbirkorlar, Savdo-sanoat palatasi hamda tegishli tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi.
Tadbirda soʼz olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov viloyatimizda amaliy tashrif bilan boʼlib turgan Janubiy Koreyaning Pyontek shahri meri Jong Chang Son boshchiligidagi delegatsiya aʼzolariga tashrif uchun yana bir bor minnatdorlik bildirdi.
Viloyat rahbari Janubiy Koreya Respublikasida amalga oshirilgan keng koʼlamli islohotlar, ilm-fan va innovatsiyalarga berilayotgan yuksak eʼtibor mamlakatni dunyoning yetakchi davlatlaridan biriga aylantirganini taʼkidladi.
Shuningdek, Oʼzbekiston va Koreya oʼrtasidagi munosabatlar yangi bosqichga koʼtarilayotgani, “Markaziy Osiyo – Koreya” birinchi sammiti 16–17 sentyabrь kunlari Seul shahrida boʼlib oʼtishi belgilangani ham hamkorlik aloqalarining izchil rivojlanayotganidan dalolat ekani qayd etildi.
Fargʼona viloyati hamda Koreyaning bir qator hududlari bilan samarali aloqalar yoʼlga qoʼyilgan boʼlib, bu hamkorlikda Pyontek shahri alohida oʼrin tutadi.
Pyontek shahri Janubiy Koreyaning muhim sanoat va innovatsion markazlaridan biri hisoblanadi. Аyniqsa, yarimoʼtkazgichlar sanoati, zamonaviy sanoat ishlab chiqarishlari, logistika hamda yangi texnologiyalarni rivojlantirish sohalarida katta tajribaga ega.
Viloyat hokimi bugungi kunda viloyatda Koreya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 50 tadan oshgani, ularning faoliyat yoʼnalishlari tobora kengayib borayotganini taʼkidladi.
Shu bilan birga, oʼzaro hamkorlik aloqalari bundan buyon ham yanada rivojlanishiga ishonch bildirildi. Koreyalik investorlar va tadbirkorlar uchun hududda barcha qulay shart-sharoitlar yaratilgani, istiqbolli investitsiya loyihalari doimo qoʼllab-quvvatlanishini maʼlum qildi.
Pyontek shahri meri Jong Chang Son ham tadbirda soʼzga chiqib, ikki davlat oʼrtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasida izchil rivojlanayotganini, yaqin hamkorlik aloqalari tobora kengayib borayotganini taʼkidladi. U Fargʼona bilan yoʼlga qoʼyilgan aloqalar ham ushbu jarayonda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Shundan soʼng viloyat Savdo-sanoat palatasi rahbari Sherzod Yoʼldashev, Pyontek shahri Savdo-sanoat palatasi rahbari Li Kang Sun hamda “Koreya – Oʼzbekiston” biznes assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Edvard Kim soʼzga chiqib, hududlar oʼrtasida imzolangan memorandum hamkorlik uchun mustahkam huquqiy asos boʼlib xizmat qilayotganini taʼkidladilar. Ular biznes-forum istiqbolli qoʼshma investitsiya loyihalarini amalga oshirishda muhim platforma boʼlishini qayd etdilar.
Tadbir davomida Fargʼona viloyati investitsion jozibadorligi haqida videorolik namoyish etildi. Viloyat hokimi oʼrinbosari Nuriddin Mamajonov hududning investitsiya va eksport salohiyati haqida taqdimot qildi.
Biznes-forum mahalliy hamda koreyalik ishbilarmon doira vakillari ishtirokidagi B2B uchrashuvlari bilan davom etdi.
Unda toʼqimachilik, qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, avtomobilsozlik kabi turli yoʼnalishlardagi tadbirkorlar ishtirok etdi.