Dilshod Pulatov «Poytaxt bank» boshqaruvi raisi etib tayinlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — «Poytaxt bank»da yangi rahbar tayinlandi. Yagona korporativ axborot portali maʼlumotiga ko‘ra, 8 sentyabrda Bond Investment Limitedning yagona aksiyador qarori bilan bank boshqaruvi raisi lavozimiga Dilshod Pulatov tayinlandi. Uning nomzodi Markaziy bank bilan kelishilishi lozim, shundan so‘ng uch yillik mehnat shartnomasi imzolanadi.
Avgust oyi oxirida Do‘stboy Abjalovni almashtirgan va bank rahbari vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Abror Turgunov vaqtincha boshqaruv raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Dilshod Pulatov 2013 yildan buyon Octobank boshqaruvi raisi birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan. U Toshkent moliya institutini «Moliya va kredit» hamda «Bank ishi» yo‘nalishlari bo‘yicha tamomlagan. Pulatovning bank tizimidagi umumiy mehnat staji 25 yilni tashkil qiladi.
«Poytaxt bank» 2019 yil boshida ipoteka kreditlarini berish va qurilish loyihalarini, jumladan, arzon uy-joy dasturlarini moliyalashtirish maqsadida tashkil etilgan. Tashkil etilgan paytdan boshlab ustav kapitali 100% davlatga Toshkent shahar hokimiyati orqali tegishli bo‘lgan.
2021 yil may oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) bankni xususiylashtirish bo‘yicha arizalar qabul qilishni birinchi marta eʼlon qildi. Shu yil yoz oyida «Poytaxt bank»ni sotib olish niyati borligini uchta daʼvogar bildirgan, ammo keyinchalik ular haqida qo‘shimcha maʼlumot berilmagan.
2024 yil iyun oyida DABA BAAning Bond Investments Limited kompaniyasi bilan xususiylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Kompaniya davlatning 100% ulushini 10 million AQSH dollariga sotib oldi.
Konsultant maʼlumotlariga ko‘ra, xaridor YEI, AQSH va yirik xalqaro moliya institutlarining ochiq sanksiyalar ro‘yxatlariga kiritilmagan.