Davlat “UzBAT“ kapitalidagi 2,6% ulushini sotdi va kompaniyani taxminan $855 mlnga baholadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 6-oktabrda, Toshkent fond birjasida “UzBAT A.O.“ QK AJning 641 661 dona aksiyalari (ustav kapitalining 2,6%i) bilan yirik bitim amalga oshirildi. Aksiyalar har bir dona uchun 420 395 so‘mdan sotildi, umumiy bitim summasi esa 269,8 mlrd so‘mni tashkil etdi ($22,2 mln).
Ilgari ushbu davlat ulushini (2,6%) 2023-yilda “Xalqchil IPO” dasturi doirasida joylashtirish rejalashtirilgan edi. Biroq keyingi qarorlarda kompaniya kutilayotgan IPO'lar ro‘yxatidan chiqarildi va endi ulush birja savdosi orqali amalga oshirildi.
2024-yil yakunlari bo‘yicha kompaniya sof foydasining 66,0% qismini (929,2 mlrd so‘m) dividend to‘lovlariga yo‘naltirgan. Aksiyadorlar har bir aksiya uchun 37 700 so‘mdan dividend oldi. Bu ko‘rsatkich nominal qiymatning ($10) 314%ini va joriy bahoga nisbatan 9,0% dividend daromadliligini tashkil etdi.
Mazkur bitim “UzBAT“ning bozor kapitalizatsiyasini taxminan 10,36 trln so‘m yoki $855 mln darajasida baholadi.