Buyuk Ipak yo'li loyihasi O'zbekiston Prezidentiga taqdim etildi
Buyuk Ipak yo'li loyihasi O'zbekiston Prezidentiga taqdim etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyevga Yangi Toshkent shahri hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Buyuk Ipak yoʻli” loyihasi taqdimot qilindi.
Maʼlumki, Yangi Toshkent shahrini barpo etish doirasida birinchi bosqichda 6 ming gektar hududda qurilish ishlarini amalga oshirish koʻzda tutilgan. Ushbu bosqich yakunida 600 ming aholi uchun zamonaviy infratuzilma yaratiladi. Loyiha toʻliq roʻyobga chiqarilganda esa Yangi Toshkent 2 million nafar aholi yashaydigan zamonaviy megapolisga aylanadi.
Maydoni 32 gektar boʻlgan “Buyuk Ipak yoʻli” majmuasi Yangi Toshkentning muhim jamoat va madaniy makonlaridan biri boʻlishi rejalashtirilgan. Bu yerda turar joylar, tijorat binolari, mehmonxonalar, madaniyat va taʼlim markazlari, shuningdek, boshqa zamonaviy infratuzilma obyektlari quriladi.
Konsepsiyaga koʻra, majmua hududida Buyuk Ipak yoʻli bilan bogʻliq turli sivilizatsiyalarga bagʻishlangan mavzuli mahallalar tashkil etiladi. Har bir hudud Buyuk Ipak yoʻli boʻyida joylashgan mamlakatlarni ifodalaydi.
Taqdimotda Oʻzbekiston mahallasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu yerda har bir bino, har bir koʻcha va maydon orqali xalqimizning tarixi, madaniyati va qadriyatlarini aks ettirish zarurligi qayd etildi.
Mamlakatimizning boy tarixiy merosini yanada keng namoyon etish, ajdodlarimizning ilm-fan, madaniyat va meʼmorchilik sohalaridagi ulkan yutuqlarini yosh avlodga yetkazish, shuningdek, xalqaro turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan bir qator muzeylarni renovatsiya qilish rejalari ham koʻrib chiqildi.
Jumladan, Imom Moturidiy ziyoratgohida muzey tashkil etish, unda “Yangi Oʻzbekistonda Imom Moturidiy merosiga eʼtibor”, “Imom Moturidiy hayoti” kabi mavzuli zallar va moturidiylik taʼlimotiga bagʻishlangan boʻlimlar joylashtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, “Bahouddin Naqshband” ilmiy-innovatsion muzeyi faoliyatini mazmunan boyitish, ayniqsa, “Yetti pir” zalida ulugʻ allomalar hayoti va merosini zamonaviy shaklda keng yoritish boʻyicha takliflar bildirildi.
Bundan tashqari, Temuriylar tarixi davlat muzeyini zamonaviy muzeyshunoslik va dizayn yechimlari asosida renovatsiya qilish rejasi haqida ham axborot berildi. Unda ekspozitsiya zallarini qayta shakllantirish va tashrif buyuruvchilarga yuqori darajadagi vizual va maʼrifiy tajribani taklif etish koʻzda tutilgan. Har bir zal alohida tarixiy davr va mavzuga bagʻishlanadi.
Taqdimot qilingan loyihalarning umumiy maqsadi milliy tariximizni ilmiy asosda chuqur yoritish, zamonaviy madaniy infratuzilmani shakllantirish va mamlakatimizga keluvchi mehmonlar uchun jozibador turizm makonlarini yaratishdan iborat.
Loyihalar davlatimiz rahbari tomonidan maʼqullandi, ularni amalga oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
#Shavkat Mirziyoyev