 
                            
                                Buxgalteriya hisobi va audit sohasi boʻyicha metodologik kengash tashkil etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-sentabrdagi PQ-282-sonli qarori bilan moliyaviy hisob tizimini xalqaro talab va standartlarga muvofiq takomillashtirish hamda Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga (MHXS) oʻtishning yangi bosqichi belgilab berildi.
Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida sohada tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan buxgalteriya hisobi va audit sohasi boʻyicha vazirlik vakillari, malakali mutaxassis va amaliyotchilar, ilmiy soha vakillari, xorijiy va mahalliy ekspertlardan iborat Metodologik kengash tashkil etildi va uning tarkibi hamda ish reglamenti tasdiqlandi.
Metodologik kengashning asosiy vazifalari buxgalteriya hisobi va auditorlik faoliyati sohasidagi milliy qonunchilik va normativ-huquqiy hujjatlarni xalqaro talab va standartlar hamda ilgʻor xalqaro tajribaga moslashtirish boʻyicha takliflar berish, buxgalteriya hisobi uslubiyotini shakllantirish va auditorlik faoliyati sohasidagi masalalar boʻyicha uslubiy tavsiya berishdan iborat. Shu bilan birga, kengash soha va tarmoqlar kesimida MHXS asosida hisob yuritish va moliyaviy hisobot tayyorlash boʻyicha uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqadi.
Metodologik kengashning tashkil etilishi buxgalteriya hisobi va audit sohasida xalqaro standartlarga oʻtishni jadallashtirish, qarorlar va normativ-huquqiy hujjatlarni xalqaro talablar darajasiga olib chiqish hamda sohaga doir mutaxassislarning malakasini oshirishga xizmat qiladi.
Quyida Buxgalteriya hisobi va audit sohasi boʻyicha metodologik kengashning tarkibi bilan tanishishingiz mumkin.