Budjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda
Budjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida “Budjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama etildi.
Muhokama mobaynida fuqarolarni byudjet jarayoniga jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish orqali budjet mablag‘larini taqsimlashda shaffoflikni taʼminlash, ularning maqsadli sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganligi qayd etildi. Bundan tashqari, Qonunda budjet mablag‘laridan foydalanishda rahbarlarning vakolatlarini kengaytirish hamda moliyaviy mustaqilligini taʼminlash ham nazarda tutilmoqda.
Senatorlar taʼkidlaganidek, mazkur Qonun asosida budjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida hisobot turlari kengaymoqda. Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobot tarkibiga budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari ijrosi hamda davlat qarzi to‘g‘risidagi hisobotlar kiritilmoqda.
Qonun bilan amaldagi qonunchilikka budjet jarayonini takomillashtirishga, budjet intizomiga rioya etilishiga doir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Tuman va shaharlar hokimliklari zimmasiga har chorakda jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish bo‘yicha maʼlumotlarni rasmiy veb-saytlariga hamda “Ochiq budjet” axborot portaliga joylashtirish majburiyati yuklanmoqda.
Shu bilan birga, budjet mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq maqsadli indikatorlarning bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni Qonunchilik palatasi qo‘mitalarida har chorak yakunida eshitib borish amaliyoti joriy etilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjet ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobot hamda Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining yarim yillik ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar Qonunchilik palatasining qarori bilan tasdiqlanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining birinchi chorak va 9 oylik hisobotlari esa Qonunchilik palatasining masʼul qo‘mitasi qarori asosida qabul qilinishi nazarda tutilmoqda.
O‘z navbatida, budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar tomonidan xarajatlar smetasiga yiliga ko‘pi bilan to‘rt marta o‘zgartirish kiritish amaliyotiga chek qo‘yilmoqda.
Senatorlar ushbu Qonun mamlakatimizda fuqarolarni budjet jarayoniga keng jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish, budjet mablag‘larini taqsimlashda shaffoflikni taʼminlash, budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qilishini alohida taʼkidladi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.