BMTTD va FVV O'zbekistonda erta ogohlantirish tizimi va masjidlarni joriy etadi
BMTTD va FVV O'zbekistonda erta ogohlantirish tizimi va masjidlarni joriy etadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — BMT Taraqqiyot Dasturi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda favqulodda vaziyatlarda aholini erta ogohlantirish tizimi qamrovini kengaytirishga qaratilgan innovatsion texnik yechimni joriy etdi.
Ushbu tashabbus doirasida aholi punktlariga yaqin joylashgan masjidlarga maxsus uskunalar o‘rnatilmoqda. Bu esa FVVning tezkor xabarlarini masjidlarning tashqi ovoz kuchaytirgichlari orqali uzatish hamda axborotni keng jamoatchilikka tezkor yetkazish imkonini beradi. Bugungi kunga qadar uskunalar Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlaridagi 272 ta masjidda o‘rnatildi.
Masjidlarning tanlanishi bejiz emas: ular an’anaviy ravishda mahalliy aholi orasida katta ta’sirga ega bo‘lgan nufuzli ijtimoiy institutlar sifatida qaraladi. Bundan tashqari, masjidlar deyarli barcha aholi punktlarida joylashgan bo‘lib, 500 metrdan 2000 metrgacha eshitilish radiusini ta’minlaydigan yuqori quvvatli tashqi ovoz kuchaytirgichlar bilan jihozlangan. Loyiha hisob-kitoblariga ko‘ra, masjidlar orqali ogohlantirish taxminan 6,5 million nafar aholini, jumladan ayollar, erkaklar, bolalar va aholining zaif qatlamlarini qamrab olish imkonini beradi.
Mazkur ogohlantirish kanalining qo‘shimcha afzalligi shundaki, mobil aloqa va elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga kelgan taqdirda ham tezkor xabarlarni uzatish mumkin.
Iqlim o‘zgarishi sharoitida va tabiiy ofatlar xavfi ortib borayotgan bir paytda aholini erta ogohlantirish inson hayotini saqlab qolish va moddiy zararlarni kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunga qadar BMTTD ko‘magida hamda Yashil iqlim jamg‘armasi moliyaviy ko‘magida ushbu uskunalardan tashqari, aholini ogohlantirish maqsadida asosiy avtomobil yo‘llari bo‘ylab, odamlar gavjum joylarda 28 ta tashqi keng formatli ekran o‘rnatildi.
“O‘zbekiston aholisining iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga keladigan xavf-xatarlarga nisbatan chidamliligini oshirishgaqaratilgan kompleks erta ogohlantirish tizimini takomillashtirish” nomli qo‘shma loyihasi Yashil iqlim jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi. Loyiha faoliyati O‘zbekistonning aholisi zich va iqtisodiy jihatdan muhim bo‘lgan tog‘li hududlaridagi suv toshqinlari, sellar, ko‘chkilar, qor ko‘chkilari va gidrologik qurg‘oqchilik kabi tabiiy ofatlarga urg‘u bergan holda mamlakatdagi erta ogohlantirish tizimini modernizatsiya qilish va qayta shakllantirishga qaratilgan.