Bitiruvchilarni ishga olgan tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar beriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident qarori (328-son, 03.11.2025 y.) bilan “Oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–61 son qarorga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qarorga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarini ish bilan taʼminlagan tadbirkorlarga 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga 5 mlrd so‘mgacha yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada kreditlar ajratish belgilandi.
Bunda imtiyozli kredit tadbirkorlarga har bir mlrd so‘m qiymatgacha bo‘lgan mablag‘ uchun kamida 1 nafar bitiruvchini ishga qabul qilish sharti bilan ajratiladi.
Kredit ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalarga asosiy vositalar sotib olish hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun ajratiladi.
Tadbirkor uning imtiyozli kredit olishiga sabab bo‘lgan bitiruvchi o‘rtasida 2 yil davomida mehnat shartnomasi bekor bo‘lgan taqdirda, kredit foizi mehnat shartnomasi bekor bo‘lgan sanadan tijorat stavkasiga o‘zgartiriladi.
Biroq, bundan ushbu xodim o‘rniga 1 oy muddatda boshqa bitiruvchi ishga qabul qilingan hollar mustasno.
Shuningdek, bitiruvchilar o‘rtasida eng yaxshi startap va innovatsion loyihalar tanlovi tashkil etiladi.
Tanlov g‘oliblariga kamida 2 nafar bitiruvchini ishga olish majburiyati bilan 1 mlrd so‘mgacha grant ajratiladi.