Avtomatlashtirilgan tizim umumiy qiymati 1 trillion so‘mdan ortiq bo‘lgan elektron hisobvaraq-fakturalar bilan bog‘liq shubhali operatsiyalarni aniqladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “EHF xavf darajasini baholash” AT tizimida soliq to‘lovchilar tomonidan rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-fakturalar (EHF) test rejimida segmentlash ishlari amalga oshirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Milliy qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, 2025-yilning avgust oyida 8 ta soliq to‘lovchi tomonidan iqtisodiy mazmunga mos kelmaydigan operatsiyalar amalga oshirilgani aniqlandi. Bu bilan 127 ta korxonaga rasmiylashtirilgan EHFlar summasi 1,1 trln so‘mni tashkil etib, 113 mlrd so‘m QQS summasi hisobga (zachyotga) olingan.
Masalan, avval soliq majburiyatlarini bajarmagan 7 ta korxonada rahbar va ta’sischi bo‘lgan fuqaro tomonidan ta’sis etilgan “Brend” MCHJ (nomi o‘zgartirilgan) 2025-yil avgust oyida kirimida mavjud bo‘lmagan 231 mlrd so‘mlik tovar va xizmatlar uchun (qora metal, yog‘och va reklama xizmati) 26 ta korxonaga EHF rasmiylashtirgan. Bu holda QQS summasi 28 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Ma’lumot uchun. Iyun-iyul oylarida 12 ta shubhali korxona tomonidan 149 ta korxonalarga 4,3 trln so‘mlik EHF rasmiylashtirilgan va 517 mlrd so‘m QQS summasini hisob (zachyot)ga olish holatlari kuzatilgan.
Soliq organlari shubhali operatsiyalarni aniqlash bo‘yicha tizimli ishlar olib bormoqda, bu esa soliq majburiyatlarini bajarishda shaffoflik va adolatni ta’minlashga qaratilgan.