Andijon viloyati China Shandong Huada Group kompaniyasidan 500 million dollar investitsiya jalb qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov hamda mutasaddi rahbarlar ishtirokida Xitoy davlatidan tashrif buyurgan «China Shandong Huada Group» kompaniyasi investori va hamkorlari bilan muzokara o‘tkazildi.
Uchrashuvda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, viloyatda yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama etildi. Xususan, Qo‘rg‘ontepa hamda Xo‘jaobod tumanlari hududida qiymati 500 million dollarga teng temir yo‘l va avto logistika yo‘nalishini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Muzokaralardan so‘ng mutasaddilar va xitoylik investorlar loyihalar amalga oshiriladigan yer maydonlariga borib, joyida tanishdilar.
Mazkur hamkorlik viloyatda transport-logistika salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy rivojlanishni taʼminlashga xizmat qilishi kutilmoqda.