2025-yil uchun Davlat byudjeti qonuniga kiritilayotgan o‘zgartirishlar ko‘rib chiqildi
2025-yil uchun Davlat byudjeti qonuniga kiritilayotgan o‘zgartirishlar ko‘rib chiqildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 12-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun muhokama etildi.
So‘zga chiqqanlar mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yuksaltirish, shu jumladan aholining hayoti uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, halq turmush farovonligini oshirish, taʼlim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport hamda boshqa sohalarni rivojlantirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilayotganini taʼkidlab o‘tdi.
Joriy yilda hududlarda dolzarb ijtimoiy muammolarni, mahalla infratuzilmasi bilan bog‘liq muhim masalalarni hal etish hamda boshqa sohalarni rivojlantirish yuzasidan Prezidentning qator farmon va qarorlari qabul qilingan.
Amalga oshirilayotgan tadbirlarning o‘z vaqtida moliyalashtirilishini taʼminlash va qo‘shimcha xarajatlar manbalarini aniqlash zarurati yuzaga kelgani qayd etildi.
Ushbu Qonun bilan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasidagi tadbirlarni moliyalashtirish hamda ko‘p kvartirali uylarda va ijtimoiy soha muassasalarida energiya samaradorligini yaxshilash bilan bog‘liq tadbirlar uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, byudjet mablag‘larining maqsadli, samarali sarflanishini oshirish, byudjet intizomini mustahkamlash doirasida mablag‘larning bir qismini maqbullashtirish va ularni qo‘shimcha xarajatlarga yo‘naltirish nazarda tutilmoqda.
Senatorlar 2025-yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlar mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida moliyalashtirishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.