Valyuta kurslari 27/06/2025
$1 – 12586.41
UZS – 0,44%
€1 – 14758.82
UZS – 1,52%
₽1 – 160.42
UZS – 0,38%
Qidirish
Iqtisod 27/06/2025 2017–2024 yillarda O‘zbekistonda xizmatlar sohasining rivojlanishi

2017–2024 yillarda O‘zbekistonda xizmatlar sohasining rivojlanishi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan 2017–2024 yillarda O‘zbekistonda xizmatlar sohasining rivojlanishidagi asosiy natijalar tahlil qilindi.

O‘zbekistonda xizmatlar sohasi barqaror o‘sib borayapti va u iqtisodiyot, bandlik hamda hayot sifati o‘sishining muhim drayveriga aylanmoqda. 2024-yilda xizmatlar sohasining YAIMdagi ulushi 47,4 foizni (2020-yilda 41,6 foiz), bandlikdagi ulushi esa 55,4 foizni (2017-yilda 49,8 foiz) yoki 7,9 mln. kishini tashkil etdi, xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar soni esa 2017-yildagiga nisbatan 1,6 baravar ortib, 310,8 mingtaga yetdi.

Jahon bankining baholashicha, 2017–2023 yillarda O‘zbekistonda xizmatlar sohasida qo‘shilgan qiymatning o‘sish surʼati Markaziy Osiyoda eng yuqori bo‘ldi — yiliga 6,5 foiz (taqqoslash uchun: Qozog‘istonda – 2,5 foiz, Qirg‘iziston – 3,1 foiz, Tojikistonda – 5,2 foiz). Mamlakatda ko‘rsatilgan xizmatlarning umumiy hajmi so‘nggi 8 yilda 2,5 barobar o‘sdi. O‘sish ayniqsa, moliyaviy xizmatlar (7,6 barobar), axborot va aloqa xizmatlari (4,9 barobar), taʼlim xizmatlari (3,2 barobar) kabi sohalarda yuqori bo‘ldi.

Xalqaro xizmatlar joylashuvi indeksi (Kearney Global Services Location Index, GSLI 2023) da O‘zbekiston 78 ta mamlakat orasida 40-o‘rinni egalladi. Unda biznes uchun moliyaviy jozibadorligi mamlakatning kuchli jihatlaridan biri sifatida baholangan.

Raqamlashtirish va onlayn-xizmatlarning faol rivojlanishi YAIMda axborot iqtisodiyoti va elektron savdo ulushining 3,7 foizgacha o‘sishida aks etadi (2017-yilda – 2,2 foiz). 2023-yilda elektron tijorat bozorining hajmi 1 mlrd. AQSH dollaridan oshdi.

Raqamli boshqaruvning yetuklik indeksi (GTMI, 2024-yil) da O‘zbekiston 43-o‘rinni egalladi va 2020-yildan buyon 37 pog‘onaga ko‘tarildi.

Elektron ishtirok indeksi (E-Participation Index) da mamlakat 53-o‘ringa chiqdi, 2022-yildan beri 2 pog‘onaga ko‘tarildi va raqamli xizmatlar yuqori rivojlangan davlatlar guruhida qoldi (baholash ko‘rsatkichi — 0,699).

Turistik xizmatlar eng tez o‘suvchi yo‘nalishlardan biriga aylandi. 2017-yildan buyon turistik xizmatlar hajmi 2,1 barobar oshdi. 2024-yilda turizm xizmatlar sohasida eng katta ulushga ega bo‘ldi (22,4 foiz). O‘sha yili O‘zbekiston 8 mln. sayyohni qabul qildi va Markaziy Osiyoda turistlar oqimining o‘sishi bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi (yiliga 20,1 foiz).

Turizm va sayohatlarning rivojlanish indeksi (Travel & Tourism Development Index, TTDI) da O‘zbekiston 119 ta mamlakat orasida 78-o‘rinni egalladi va faqat 2024-yilning o‘zida 16 pog‘onaga ko‘tarildi. Mutasaddilar bu yutuqni turizm infratuzilmasi, raqamli xizmatlar (onlayn-band qilish, virtual turlar) va viza rasmiylashtirish jarayonlarining soddalashtirilishi (e-visa) bilan bog‘lamoqda.

Logistika samaradorligi indeksida (Logistics Performance Index, LPI) da mamlakat 139 ta mamlakat orasida 88-o‘rinni egalladi, 2018-yildagiga nisbatan 11 pog‘onaga ko‘tarildi va MDH davlatlari orasida 5-o‘rinni, Markaziy Osiyoda esa 2-o‘rinni egalladi. Eng katta o‘sish bojxona jarayonlari samaradorligi, xalqaro savdodagi logistika zanjirlarining integratsiya darajasi va logistika xizmatlari sifati bo‘yicha qayd etilgan.

2024-yilda xizmatlar eksporti 7,2 mlrd. AQSH dollariga yetdi. Bu 2017-yildagiga nisbatan 6 barobar ko‘p va mamlakat umumiy eksporti hajmining 26,7 foizini tashkil etadi. Xizmatlar eksporti tarkibida asosiy ulushni turizm — 3,5 mlrd. AQSH dollari (48,8 foiz) va transport — 2,6 mlrd. AQSH dollari (35,7 foiz) tashkil etmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling