Zoyir Mirzayev Afg‘oniston Ishbilarmonlar kengashi a’zolarini qabul qildi
Zoyir Mirzayev Afg‘oniston Ishbilarmonlar kengashi a’zolarini qabul qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Afg‘oniston Ishbilarmonlar kengashi a’zolari hamda afg‘onistonlik yirik tadbirkor Said Muhammad Karim Hoshimiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, hududlararo aloqalarni mustahkamlash hamda yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish masalalari batafsil muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat savdo sohasida, balki transport-logistika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika, qurilish va farmatsevtika yo‘nalishlarida ham izchil rivojlanib bormoqda.
Dastavval mehmonlarga 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi 1,68 milliard AQSh dollarini tashkil etgani, shundan 1,53 milliard dollari eksport, 144 million dollari esa import hissasiga to‘g‘ri kelgani ma’lum qilindi. Shuningdek, mazkur ko‘rsatkichlarni o‘tgan yilga nisbatan qariyb 50 foizga oshirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilab olingani alohida ta’kidlandi.
Muzokaralar davomida Afg‘onistonda faoliyat yuritayotgan yirik biznes tuzilmalar, jumladan, “Sayyed Karim Group of Companies” tarkibiga kiruvchi sanoat, logistika va energetika loyihalari haqida ham ma’lumot berildi. Ushbu guruh tomonidan neft-gaz, tog‘-kon sanoati, transport-logistika hamda ishlab chiqarish sohalarida qator tashabbuslar ilgari surildi.
Tomonlar tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma korxonalar tashkil etish, logistika zanjirlarini rivojlantirish va savdo hajmini yanada oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishish zarurligini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda hududlararo iqtisodiy integratsiyani kuchaytirish bo‘yicha aniq rejalar belgilab olindi.
Hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida Toshkent viloyati delegatsiyasi Afg‘onistonga taklif qilindi.