Zoir Mirzayev Ivanovo viloyati gubernatori bilan uchrashdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi viloyatimiz delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga safari davom etmoqda.
Delegatsiya a’zolari bugun Ivanovo viloyati gubernatori Stanislav Voskresenskiy boshchiligidagi hudud mutasaddilari bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida Zoyir Mirzayev viloyatimizning Rossiya Federatsiyasi hududlari bilan o‘zaro manfaatli aloqalari jadal rivojlanib borayotganini, O‘zbekiston va Rossiyani an’anaviy do‘stlik, o‘zaro ishonch va strategik sheriklik munosabatlari bog‘lab turishini ta’kidladi.
Ivanovo viloyati rivojlangan transport kommunikatsiyalar tizimiga, yuqori malakali kadrlar salohiyatiga ega bo‘lgan. xalq xo‘jaligining turli tarmoqlari jadal rivojlanayotgan hududdir.
Bu yerda yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, kimyo, axborot texnologiyalari, medisina, elektronika, avtomobilsozlik va turizm sohalarida imkoniyatlar, ayniqsa, keng.
Ivanovo viloyati xorijiy hamkorlarimiz orasida alohida o‘rin tutadi. Viloyatlarimiz o‘rtasida ko‘plab yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikning katta istiqbollarini ko‘rayapmiz, deb qayd etdi Zoyir Mirzayev o‘zaro muloqotda.
Uchrashuvda viloyatlar o‘rtasida mustahkam ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, tajriba almashish, xususan, sog‘liqni saqlash, turizm, yengil sanoat jabhalarida, shuningdek, migratsiya va mehnat munosabatlari borasida ikki tomon uchun ham foyda keltiradigan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.