Zoir Mirzaev Boshqirdiston Respublikasi Xalqlar do'stligi ordeni bilan taqdirlandi
Zoir Mirzaev Boshqirdiston Respublikasi Xalqlar do'stligi ordeni bilan taqdirlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Boshqirdiston Respublikasi yetakchisi Radiy Xabirov imzolagan farmonga ko‘ra, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev hududlararo aloqalarni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Boshqirdiston Respublikasining “Xalqlar do‘stligi” ordeni bilan mukofotlandi.
Ayni paytda Zoyir Mirzayev boshchiligidagi Toshkent viloyati delegatsiyasi xizmat safari bilan Rossiya Federatsiyasining Boshqirdiston Respublikasida bo‘lib turibdi.
Mazkur mukofotni Zoyir Mirzayevga Boshqirdiston Respublikasi boshlig‘i Radiy Xabirov tantanali tarzda topshirdi.
Zoyir Mirzayev yuksak e’tibor uchun mezbon tomon rasmiylariga chuqur minnatdorlik izhor etib, Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, xususan, Boshqirdiston Respublikasi va Toshkent viloyati o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, sanoat hamda madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi hamkorlik bundan keyin ham samimiy do‘stlik va ishonch ruhida izchil davom etib borishiga ishonch bildirdi.
O‘z navbatida, qardosh respublika rasmiylari viloyatimiz delegatsiyasini tashrif bilan qutlab, kelgusida o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirishdan mamnun va manfaatdor ekanliklarini e’tirof etdilar.
Shuningdek, ikki tomon rasmiylari va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida hududlar o‘rtasidagi hamkorlik va o‘zaro iqtisodiy-ijtimoiy aloqalarni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.