Zamonaviy transport infratuzilmasi O‘zbekistonda turizm o‘sishi uchun asos yaratmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatda transport infratuzilmasi va turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur amalga oshirilmoqda.
Izchil islohotlar va investitsiyalar natijasida 2030 yilga borib mamlakatga tashrif buyuruvchi xorijiy sayyohlar soni 25 million nafarga, ichki turizm ko‘rsatkichi esa 50 million nafarga yetkazilishi mumkin.
Zamonaviy transport tarmog‘ini rivojlantirish, xizmatlar sifati va sayohatchilar uchun qulay sharoitlar yaratish mamlakatning barqaror turizm o‘sishi va Markaziy Osiyodagi yetakchi turistik markazlardan biri sifatidagi nufuzini mustahkamlashning asosiy omillari sifatida qaralmoqda.
Yangi avlod aeroportlari
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda zamonaviy xalqaro aeroportlar qurildi va rekonstruksiya qilindi — ularning umumiy soni 18 tani tashkil etmoqda. Yana 7 ta hududiy aeroport xalqaro standartlarga mos ravishda modernizatsiya qilinmoqda.
Alohida eʼtibor Toshkent viloyatida qurilayotgan yangi xalqaro aeroportga qaratilgan bo‘lib, u mintaqadagi eng yiriklardan biriga aylanadi va poytaxt havo transport uzelining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini sezilarli darajada oshiradi.
Bugungi kunda O‘zbekistondan Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Koreya, Xitoy, Hindiston, Malayziya, Turkiya, Rossiya va Polsha kabi Yaqin Sharq, Yevropa va Osiyo mamlakatlarining 51 ta aviakompaniyasi muntazam parvozlarni amalga oshirmoqda.
AQSHda ishlab chiqarilgan 22 ta yangi Boeing samolyotining yetkazilishi Janubi-Sharqiy Osiyo, Yevropa, AQSH va boshqa yo‘nalishlardagi aviamarshrutlarni kengaytirishga xizmat qiladi hamda sayyohlar va biznes safarlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Har bir hududda qulaylik va ochiqlik
Shu bilan birga mamlakat ichki transport infratuzilmasi ham jadal yangilanmoqda. Yangi tezyurar elektropoyezdlar va elektrobuslar ishga tushirilmoqda, avtopark yangilanmoqda, zamonaviy yo‘llar va transport uzellari barpo etilmoqda.
Transport tarmog‘ini rivojlantirish hududlarning turizm salohiyatini hisobga olgan holda amalga oshirilmoqda — madaniy va tabiiy yodgorliklar, tarixiy markazlar va dam olish hududlari o‘rtasida qulay yo‘nalishlar yaratilmoqda.
Transport xizmatlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish — onlayn chipta sotish, elektron tablolar, yo‘nalishni kuzatish xizmatlari — mamlakat bo‘ylab harakatlanishni sayyohlar va aholi uchun yana-da qulay qilmoqda.
Milliy iqtisodiyot drayveri sifatida turizm
Avvalroq 2030 yilga qadar xorijiy sayyohlar sonini 15 millionga yetkazish rejalashtirilgan bo‘lsa, amalga oshirilayotgan loyihalar va aviatarmoqning kengayishi tufayli bu ko‘rsatkich deyarli ikki baravar o‘sishi mumkin.
Yangilangan prognozlarga ko‘ra, O‘zbekiston 2030 yilga borib 25 million nafar xorijiy sayyohni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi, oylik tashriflar soni esa 2 million kishidan oshishi kutilmoqda.
Bunday o‘sish to‘g‘ridan-to‘g‘ri kichik biznes rivojiga, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, aholi bandligining oshishiga va O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi xalqaro turizm markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Kelajak infratuzilmasi
Zamonaviy, xavfsiz va ekologik barqaror transport tizimini yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu choralar nafaqat mamlakatning turistik jozibadorligini oshirishga, balki aholi turmush sifatini yaxshilashga, hududlarni rivojlantirishga va mamlakatni global transport-turizm oqimlariga integratsiya qilishga qaratilgan.
Infratuzilmani rivojlantirish — bu kelajakka yo‘naltirilgan investitsiya bo‘lib, u turizm, biznes faolligi va xalqaro hamkorlikning uzoq muddatli o‘sishi uchun mustahkam poydevor yaratadi.