YXHT Orolbo‘yi mintaqasida biologik xilma-xillikni monitoring qilish bo‘yicha kuzgi ekspeditsiyani qo‘llab-quvvatladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining barqaror rivojlanish tajribasini va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish choralarini ilgari surish orqali ekologik xavfsizlikni mustahkamlashga ko‘maklashishga qaratilgan loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida joylashgan Sudoche ko‘liga kuzgi ilmiy-amaliy ekspeditsiya amalga oshirildi.
Ekspeditsiya YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatorining moliyaviy ko‘magida hamda Orolni qutqarish Xalqaro jamg‘armasining Orol dengizi havzasi loyihalarini amalga oshirish agentligi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Qoraqalpoq davlat universiteti, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va boshqa mutasaddi tashkilotlarning yetakchi olim va ekspertlari ishtirok etdi. Dala ishlari suv sathi va sho‘rlanish darajasini kuzatish, o‘simliklar holatini tavsiflash, GPS-xaritalash, bioxilma-xillik bo‘yicha maʼlumotlarni yig‘ish va dastlabki tahlil qilishdan iborat bo‘ldi. Monitoringning zamonaviy usullari, jumladan, tirik organizmlarning reaksiyasi asosida atrof-muhit holatini baholashning samarali vositasi bo‘lgan bioindikatsiya qo‘llanildi.
“Sudoche suv-botqoq ekotizimini monitoring qilish nafaqat ilmiy, balki strategik ahamiyatga ham ega. Ekspeditsiya natijalari ham iqlim o‘zgarishi, ham antropogen omillar taʼsirida yuzaga kelgan o‘zgarishlarni baholash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi hamda Orolbo‘yining biologik xilma-xilligini saqlash va degradatsiya bo‘lgan hududlarini tiklash bo‘yicha takliflarni shakllantirish imkonini beradi,” - dedi ekspeditsiyada qatnashgan YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Antti Karttunen. “Biz Markaziy Osiyoning eng zaif mintaqalaridan birida biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha saʼy-harakatlarni, ayniqsa, “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da qo‘llab-quvvatlashdan mamnunmiz.”
Ekspeditsiyada ishtirok etgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi agentligining loyiha menejeri Abrorjon Karimov so‘zlariga ko‘ra, Sudoche monitoringi shunchaki maʼlumot yig‘ish emas, bu mintaqa barqarorligiga qo‘shilgan hissadir. “Biz oddiy ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan o‘zgarishlarni qayd etamiz va ularni aniq qarorlar uchun asosga aylantiramiz. YXHT ko‘magi tufayli ekspeditsiya yuqori darajada tashkil etildi va barcha xavfsizlik standartlariga rioya qilingan holda o‘tdi,” – dedi Abrorjon Karimov.
YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori 2016 yildan buyon Orolbo‘yi mintaqasining biologik xilma-xilligini monitoring qilishda Xalqaro jamg‘armani qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Sudoche ko‘liga ekspeditsiya Markaziy Osiyoda tabiiy resurslarni barqaror boshqarish va ekologik barqarorlikni rivojlantirish bo‘yicha kengroq tashabbusning bir qismidir. YXHTning ko‘magi O‘zbekistonga nafaqat Parij bitimi va Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiya doirasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarishga, balki ekologik boshqaruvga zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga ham yordam beradi.