Valyuta kurslari 12/02/2026
$1 – 12287.31
UZS – -0,18%
€1 – 14644.02
UZS – -0,15%
₽1 – 158.83
UZS – -0,51%
Qidirish
YXHT Oʻzbekistonda texnologiyadan foydalangan holda odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha ikki kunlik trening kursini oʻtkazdi

YXHT Oʻzbekistonda texnologiyadan foydalangan holda odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha ikki kunlik trening kursini oʻtkazdi

YXHT Oʻzbekistonda texnologiyadan foydalangan holda odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha ikki kunlik trening kursini oʻtkazdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekistonda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamda odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha mutaxassislar ushbu muammoga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Jumladan, YXHTning odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha Maxsus vakili va Koordinatori Keri Jonstonning rasmiy tashrifi doirasida raqamli texnologiyalar yordamida amalga oshiriladigan ekspluatatsiyaga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan ikki kunlik o‘quv kursi tashkil etildi.

Tadbirlarning maqsadi odam savdosining oldini olish va unga barham berish yo‘lida strategik hamkorlikni, shuningdek, amaliy faoliyatni kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.

"Odam savdosi qurbonlarini himoya qilish va uning oldini olish kuchli siyosat bilan bir qatorda yaxshi tayyorlangan mutaxassislarni ham talab qiladi," - deya ta’kidladi YXHTning odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha Maxsus vakili va Koordinatori Keri Jonston. - "Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ishonchli poydevor yaratmoqda, malaka oshirishga qaratilgan aniq tadbirlar esa - ayniqsa texnologiyalardan foydalanilgan odam savdosiga qarshi kurash masalalarida - majburiyatlarni amaliyotda samarali harakatlarga aylantirishga yordam bermoqda".

2026-yil 12–13-fevral kunlari Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida oʻtkazilgan oʻquv kursida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi (IIV), IIV Akademiyasi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Bola huquqlari boʻyicha vakil hamda Davlat mehnat inspektsiyasi kabi tegishli davlat idoralaridan ishtirokchilar qatnashdi.

Kurs YXHT tomonidan ishlab chiqilgan, texnologiyalardan foydalanilgan holda sodir etiladigan odam savdosi holatlarini tergov qilish bo‘yicha o‘quv dasturiga asoslandi. Trening ushbu murakkab ekspluatatsiya shakliga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘nikmalarni mustahkamlashga qaratildi. Dastur ishtirokchilarga aholining zaif qatlamlariga tobora ko‘proq ta’sir ko‘rsatayotgan ekspluatatsiya usullarini aniqlash, tergov qilish va oldini olish bo‘yicha zarur bilimlarni yetkazish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, bunga onlayn yollash sxemalari, messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlardan suiiste’mol qilish, shuningdek sun’iy intellektdan foydalanish kabi usullar kiradi.

"Mazkur o‘quv kursi huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga proaktiv onlayn tergovlar o‘tkazish, ochiq axborot manbalari bilan ishlash hamda qurbonlar manfaatlariga yo‘naltirilgan yondashuv bo‘yicha aniq amaliy ko‘nikmalarni taqdim etadi. 

Shuningdek, bu huquqni muhofaza qilish sohasidagi ta’lim muassasalariga texnologiyalardan foydalanilgan holda amalga oshiriladigan odam savdosiga qarshi kurashish uchun o‘qitish usullarini moslashtirishga yordam beradi", - dedi Keri Jonston.

Ishtirokchilar texnologiyalardan foydalanilgan holda sodir etiladigan odam savdosi holatlarini tergov qilish bo‘yicha chuqur bilimlarga ega bo‘ldilar, shuningdek mutaxassislarni tayyorlash jarayonida tergov usullarini amaliy misollar asosida o‘qitish va qurbonlar manfaatlariga yo‘naltirilgan yondashuv bilan uyg‘unlashtirishni o‘zlashtirdilar. 

Bundan tashqari, ular mazkur modullarni amaldagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamda kursantlar uchun o‘tkazish bo‘yicha ko‘nikmalarni egalladilar, bu esa bilimlarni kengaytirish, huquqni muhofaza qilish organlarining onlayn yollash taktikalarini aniqlash, raqamli ekspluatatsiyani tergov qilish va virtual makonda jinoyatchilar tomonidan qo‘llaniladigan nazorat usullarining oldini olish salohiyatini oshirish imkonini beradi.

"YXHT Oʻzbekistonning odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks yondashuvini qo‘llab quvvatlashda davom etmoqda,"dedi YXHTning Oʻzbekistondagi loyihalar koordinatori, elchi Antti Karttunen. "Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini tayyorlashga sarmoya kiritish va zamonaviy tergov vositalarini joriy etish orqali Oʻzbekiston odam savdosining oldini olish, qurbonlarni himoya qilish hamda jinoyatchilarning yangi usullariga - ayniqsa tobora ko‘proq raqamli texnologiyalar bilan bog‘liq bo‘layotgan usullarga samarali javob berish salohiyatini mustahkamlamoqda."

O‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishdan tashqari, YXHTning odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha Maxsus vakili va Koordinatori Keri Jonstonning tashrifi doirasida ushbu sohadagi tashabbuslarda ishtirok etayotgan bir qator yuqori lavozimli mansabdor shaxslar bilan uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi.

Keri Jonston Oʻzbekistonning ushbu yo‘nalishdagi muvaffaqiyatli tajribasini e’tirof etib, kelgusidagi rivojlanish yo‘llarini muhokama qildi hamda mamlakat sa’y harakatlarini, jumladan odam savdosi uchun jazolarni kuchaytirishga qaratilgan Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar, shuningdek bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan yangi qonunni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling