Valyuta kurslari 14/10/2025
$1 – 12149.55
UZS – 0,07%
€1 – 14087.40
UZS – 0,24%
₽1 – 150.44
UZS – 0,69%
Qidirish
Yurtimizda Qozog‘iston tibbiyoti kunlariga start berildi

Yurtimizda Qozog‘iston tibbiyoti kunlariga start berildi

Yurtimizda Qozog‘iston tibbiyoti kunlariga start berildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Keyingi yillarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Xususan, 2025 – 2026 yillarga mo‘ljallangan ikki davlat Sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha asosiy chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, uning doirasida keng ko‘lamli ishlar olib borilyapti.

Masalan, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tomonidan Qozog‘istonning nufuzli klinikalari bilan tajriba almashish yo‘lga qo‘yilgan. Qator tibbiyot oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida o‘qituvchi va talabalar almashinuvi, birgalikda ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazish hamda soha mutaxassislari malakasini oshirish, mahorat darslari va ko‘rgazmali jarrohlik amaliyotlari tobora izchillik kasb etmoqda.

Ushbu aloqalarni yana-da kuchaytirish maqsadida bugun yurtimizning 4 ta hududida Qozog‘iston tibbiyoti kunlariga start berildi. Buning uchun mamlakatimizga qo‘shni davlatning 100 nafarga yaqin yetuk tibbiyot xodimlari yetib keldi.

Tadbir Samarqand, Buxoro, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasining tibbiyot muassasalarida bo‘lib o‘tadi. To‘rt kun davomida qozog‘istonlik yuqori malakali mutaxassislar ishtirokida kardiologiya, neyroxirurgiya, travmatologiya, urologiya, onkologiya, ginekologiya, bolalar jarrohligi, endokrinologiya va boshqa yo‘nalishlarda tibbiy maslahatlar, jarrohlik amaliyotlari va mahorat darslari tashkil qilinishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Milliy tibbiyot markazi va kardiologiya, onkologiya, travmatologiya, ftiziatriya yo‘nalishidagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida qo‘shma yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bajariladi.

Bundan tashqari, Qozog‘istonning 7 ta oliy taʼlim muassasalari vakillari tomonidan Toshkent davlat tibbiyot universitetida talabalar o‘rtasida fan olimpiadasi hamda sport musobaqalari tashkil etiladi.

Tadbir doirasida Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan to‘rtta mobil tibbiyot majmuasi yurtimizga keltiriladi. Ular yordamida Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida aholi birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Aksiyaning yakuniy qismi sifatida 17 oktyabr kuni poytaxtimizda “O‘zbekiston — Qozog‘iston: xalq salomatligi yo‘lida hamkorlik” mavzusidagi forum bo‘lib o‘tadi va unda aloqalarimiz istiqbollari ko‘rib chiqiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling