Yuridik shaxslar valyuta taklifining oʻsish surʼati ularning valyutaga boʻlgan talabi oʻsish surʼatidan sezilarli yuqori shakllandi.\
Yuridik shaxslar valyuta taklifining oʻsish surʼati ularning valyutaga boʻlgan talabi oʻsish surʼatidan sezilarli yuqori shakllandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil davomida yuridik shaxslar tomonidan chet el valyutasiga boʻlgan talab 2024-yilga nisbatan 24 foizga oʻsgan boʻlsa, ular tomonidan valyuta taklifi hajmi 36 foizga oshdi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning eksport tushumlari hisobiga shakllanadigan valyuta taklifi ushbu davrda 18 foizga oshib, 18,0 mlrd dollarni tashkil etdi. Mazkur eksport tushumlarining 9,8 mlrd dollari yoki 40 foizi ichki valyuta bozorida sotildi (2024-yilga nisbatan 19 foiz yoki 1,6 mlrd dollarga koʻp).
Shuningdek, 2025-yilda ichki valyuta bozoriga 9,7 mlrd dollarlik valyuta mablagʻlari banklar tomonidan xorijiy kreditlar hisobidan sotildi (2024-yilga nisbatan 69 foiz yoki 4,0 mlrd dollarga koʻp).
Importni moliyalashtirish manbalari tarkibida ichki valyuta bozorida sotib olingan mablagʻlar (konvertatsiya) ulushi 63,7 foizni (2024-yilda – 63,7 foiz), xorijiy valyutadagi oʻz mablagʻlari hisobiga importni moliyalashtirish ulushi 24,0 foizni tashkil etdi (2024-yilda – 24,5 foiz).
Sotib olingan xorijiy valyutaning asosiy qismi – 50 foizi ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar, tovarlar va xomashyo importi, 28 foizi – xorijiy valyutadagi kreditlarni soʻndirish, 17 foizi – xalq isteʼmoli tovarlari va doridarmon mahsulotlari importi, 2 foizi – xorijiy investorlar daromadlarining repatriatsiyasi va qolgan 3 foizi – boshqa maqsadlar uchun xarid qilingan.
Jismoniy shaxslarlarning banklar bilan amalga oshirgan operatsiyalarining ijobiy saldosi ichki valyuta bozorida qoʻshimcha taklif manbai boʻlib xizmat qilmoqda.
Aholi tomonidan tijorat banklariga 21,7 mlrd dollar sotilib, ushbu koʻrsatkich 2024-yilga nisbatan 1,4 barobarga oshdi (2024-yilda – 16,1 mlrd dollar).
Shu bilan birga, jismoniy shaxslar tomonidan 12,0 mlrd dollar sotib olinib, ushbu koʻrsatkich 2024-yilga nisbatan 27 foizga oʻsdi (2024-yilda – 9,4 mlrd dollar).
Umuman olganda, jismoniy shaxslar tomonidan xorijiy valyuta taklifi hajmi unga boʻlgan talab hajmidan 9,7 mlrd dollarga ortiq boʻldi (2024-yilga nisbatan 1,4 barobar koʻp).
Mazkur davrda aholining banklarga valyuta sotuvining asosiy manbai boʻlgan xalqaro pul oʻtkazmalari orqali mamlakatimizga 18,9 mlrd dollar miqdorida valyuta mablagʻlari kelib tushdi (2024-yilga nisbatan 28 foiz yoki 4,1 mlrd dollarga koʻp).
Shuningdek, xalqaro pul oʻtkazmalari orqali mamlakatimizdan 2,6 mlrd dollar miqdorida valyuta mablagʻlari chiqib ketgan boʻlib, 2024-yilga nisbatan 138 mln dollarga kamaydi.
2025-yil boshidan almashuv kursi 6,9 foizga mustahkamlanib, kunlik tebranuvchanlik darajasi ikki barobarga oshdi.
2025-yilda milliy valyuta almashuv kursi dinamikasi ichki valyuta bozoridagi talab va taklif omillari, umumiy makroiqtisodiy tendensiyalar va tashqi iqtisodiy sharoitlar taʼsirida shakllandi.
Umuman olganda, mamlakatimizda eksport, xorijiy kreditlar va pul oʻtkazmalari kanallari orqali valyuta oqimlarining sezilarli darajada oshishi, shuningdek, xorijiy investitsiyalar hajmining oʻsuvchi dinamikasi hamda importning nisbatan barqarorlashishi ichki valyuta bozorida valyuta kursi mustahkamlanishiga taʼsir etgan omillardan boʻldi.
Oʻzbekistonda valyuta savdolarini tashkil etishning “metching” usuliga oʻtilgan 2021-yildan 2024-yilgacha boʻlgan davrda ikki tomonlama tebranuvchanlik oʻrtacha 0,1 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilda 2024-yilga nisbatan 2 barobardan koʻproqqa oshib, 0,28 foizga yetdi. Taʼkidlash joizki, 2025-yil aprel-dekabr oylari davomida tebranuvchanlik 0,35 foizgacha koʻtarilgan boʻlib, moslashuvchanlik darajasi yuqori hisoblangan davlatlar valyutalariga yaqinlashdi.
Shuningdek, 2025-yilda soʻmning oʻrtacha standart ogʻishi soʻmda 42,95 ga teng boʻlgan boʻlsa, foiz koʻrsatkichi 0,34 foizni tashkil etdi (2021-2024-yillarda ushbu koʻrsatkich 24,17 soʻm yoki 0,21 foizga teng boʻlgan).2025-yilda oʻrtacha kurs 12 575 soʻmni tashkil etgan boʻlsa, yil davomida kursning eng yuqori qiymati 13 004 soʻmga (oʻrtacha kursdan 5,5 foizga yuqori) va eng quyi qiymati 11 881 soʻmga (oʻrtacha kursdan 3,4 foizga past) teng boʻldi.
Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ)ning “Valyuta kurs rejimlarini klassifikatsiya qilishning yangilangan tizimi”ga koʻra, mamlakatda valyuta kursi 6 oy yoki undan ortiq vaqt davomida markaziy qiymat atrofida ±2% diapazonda shakllansa, XVJ ushbu holatda valyuta kursini erkin suzuvchi (floating) emas, balki barqarorlashtirilgan valyuta kurs rejimi (stabilized arrangement) deb baholaydi.
Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, soʻm dinamikasi 2025-yilda erkin suzuvchi valyuta kurslari dinamikasini oʻzida aks ettirgan.
Valyuta kursi ikki tomonlama tebranuvchanligi oshishining asosiy omillaridan biri ichki valyuta bozorida market-meykerlar soninining oshgani hamda ular tomonidan tuzilgan bitimlar hajmining sezilarli darajada ortgani boʻldi. Xususan, 2025-yil yakuniga kelib market-meykerlar2 soni 2 tadan 5 tagacha koʻpaydi.
Almashuv kursining mustahkamlanishi natijasida iqtisodiyotimizda milliy valyutaga boʻlgan ishonch oshishi bilan bogʻliq bir qator ijobiy makroiqtisodiy tendensiyalar kuzatilmoqda. 2025-yilda: milliy valyutadagi hisob-kitoblar hamda jamgʻarishning faollashishi hisobiga bank tizimidagi milliy valyutadagi depozitlar hajmi yil boshidan 44 foizga oshib, 240 trln soʻmga yetdi;
aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari mos ravishda 11,5 va 11,1 foizgacha sekinlashdi (yil boshida mos ravishda 14,4 va 13,9 foiz) hamda kutilmalar shakllanishida valyuta kursi omili ikki barobarga qisqardi; depozit va kreditlarning dollarlashuv darajasida pasayish dinamikasi tezlashdi (kreditlar boʻyicha 41 foizdan 38 foizgacha, depozitlar boʻyicha 26 foizdan 22 foizgacha); mijozlarning banklarga jami valyuta sotuvi 35 foizga oshib, 47 mlrd dollarga yetdi; davlat va korporativ tashqi qarzga xizmat koʻrsatish xarajatlari oʻrtacha 6-7 foizgacha qisqardi. Ushbu tendensiyalarning davom etishi milliy valyutaga boʻlgan ishonchni kuchaytirib, soʻmdagi aktivlar jozibadorligini oshishiga va umuman olganda makroiqtisodiy barqarorlikka ijobiy hissa qoʻshadi.
Ichki valyuta bozorida yanada ochiq kommunikatsiya siyosatini yuritishni maqsad qilgan holda “2026-yil uchun valyuta bozorida kommunikatsion siyosatni yuritish boʻyicha tadbirlar rejasi” ishlab chiqildi.
Unga koʻra, yil davomida doimiy ravishda ichki valyuta bozoridagi asosiy tendensiyalar hamda infratuzilmani takomillashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar boʻyicha keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida: infografik maʼlumotlarni doimiy ravishda eʼlon qilib borilishi; sharhlar va tahliliy maʼlumotlarni choraklik kesimda taqdim etib borilishi; audio va video formatdagi podkastlar tashkil etilishi; tashqi savdo faoliyati bilan shugʻullanuvchi korxonalar, iqtisodchilar, media vakillari ishtirokida davra suhbatlari tashkil etilishi; har chorakda kamida bir marta “Valyuta bozori ekspertlar guruhi”ning yigʻilishi tashkil etilishi belgilandi.