Valyuta kurslari 19/06/2025
$1 – 12618.63
UZS – -0,39%
€1 – 14516.47
UZS – -0,85%
₽1 – 160.83
UZS – -0,2%
Qidirish
O‘zbekiston 07/05/2025 Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar har yili O‘zbekiston iqtisodiyotiga 1 milliard dollarga yaqin zarar keltiradi

Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar har yili O‘zbekiston iqtisodiyotiga 1 milliard dollarga yaqin zarar keltiradi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tibbiyot sohasidagi islohotlarning navbatdagi bosqichida turgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

So‘nggi 7 yilda tibbiyotga ajratilayotgan mablag‘ 6 karra oshgani va joriy yilda 42 trillion so‘mga yetgani taʼkidlandi.

Mahalladagi birlamchi bo‘g‘in bilan ixtisoslashgan xizmatlarni bog‘laydigan kompleks tizim yaratildi. Ilgari faqat poytaxtda bajarilgan 400 dan ortiq yuqori texnologik amaliyot viloyat va tumanlarda o‘tkazilmoqda. Birgina buyrak ko‘chirish amaliyoti kuniga 2 tadan bajarilmoqda.

Mamlakatimizda har o‘n ming aholiga 27 nafar shifokor to‘g‘ri keladi. Bu AQSH, Buyuk Britaniya, Finlyandiya bilan bir xil ko‘rsatkich. Turkiya va Kanadada bu raqamlar 1,5 baravar kam.

“Ko‘rib turibsiz, bizda tibbiyot xodimlari sonida ham, moliyalashtirishda ham muammo yo‘q. Lekin, sifat-chi? Bu borada eʼtirozli savollar juda ko‘p”, - dedi davlatimiz rahbari.

O‘zbekistonda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar iqtisodiyotimizga har yili 1 milliard dollar zarar keltirishi hisob-kitob qilingan. Tez yordamdagi jami chaqiruvlarning to‘rtdan biri surunkali kasalliklari bor bemorlarga to‘g‘ri kelmoqda.

Masalan, Farg‘onadagi 12 ta mahallada o‘tkazilgan o‘rganishda har 10 nafar bemordan 8 nafari oilaviy shifokorni chetlab o‘tib, shifoxonaga yoki xususiy klinikaga borayotganini aytgan. Xorazmda esa bemorlar oilaviy shifokorni emas, tez yordamni afzal ko‘ryapti. Sodda qilib aytganda, tez yordam xuddi poliklinikadek bo‘lib qolgan.

Andijon, Namangan va Samarqand shahrida poliklinika shifokori kuniga 50-60 nafar bemorni qabul qilayapti. Bu hech qanday tibbiy standartlarga to‘g‘ri kelmaydi.

Buxoroda oilaviy shifokorlar profilaktika, skrining va davolash bilan shug‘ullanish o‘rniga bemorni shifoxonaga yo‘naltiruvchi “dispetcher” bo‘lib qolgani qayd etildi.

Bu masalalarni na sog‘liqni saqlash masʼullari, na hokimlar o‘ylab ko‘rmagani qayd etildi.

Viloyat va tuman shifoxonalarida vrachlar, o‘rinlar, mablag‘larni to‘g‘ri taqsimlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani qayd etildi.

Kasallanish yuqori bo‘lgan Surxondaryo va Qashqadaryoda har 10 ming aholi uchun 25 ta koyka bo‘lsa, Navoiyda 31 ta, Sirdaryoda 34 ta davolanish o‘rni to‘g‘ri keladi.

Aholi soni bir xil bo‘lgan Qo‘rg‘ontepadagi shifoxonada 310 ta, Namangan tumanida 420 ta koyka bor. Oqibatda dori uchun ajratilgan mablag‘ Qo‘rg‘ontepada kishi boshiga 3,5 ming so‘m, Namangan tumanida 16 ming so‘mga to‘g‘ri kelayapti.

Boshqa misol – Andijon shahridagi davlat shifoxonasida byudjet hisobidagi har 10 ta koykaga 26 nafar tibbiy xodim to‘g‘ri keladi. Vaholanki, xususiy klinikada bu ishlarni 5 nafar xodim bajara oladi.

Tibbiy sug‘urtani joriy qilish surunkali surilib kelayotgani keskin tanqid qilindi. Toshkent shahrida o‘tgan yili, Qoraqalpog‘iston, Navoiy, Samarqand, Farg‘ona, Surxondaryo va Xorazmda bu yili ushbu tizim ishga tushishi kerak edi. Sug‘urta jamg‘armasi faqat tayyor pulni taqsimlovchiga aylanib qolgani ko‘rsatib o‘tildi.

“Belgilangan islohotlarimiz qanchalik to‘g‘ri bo‘lmasin, tizim raqamlashmasa, kutilgan natijaga erisha olmaymiz”, - dedi Prezident.

Lekin mutasaddilar tizimni to‘liq raqamlashtirish u yerda tursin, oddiy “elektron retsept”ni ham ishga tushira olmagani tanqid qilindi. “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona”ni joriy etishda ham jiddiy oqsoqliklar bor.

“Vazirlik rahbarlari dunyoqarashini o‘zgartirib, fidoyi bo‘lmasa, masʼuliyatni his qilib, so‘rovni kuchaytirmasa, islohotlar mahallagacha yetib bormaydi”, - dedi davlatimiz rahbari.

Shu bois, yo‘l qo‘yilgan kamchilik va xatolar uchun sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosarlari D.Sultanov, F.Sharipov lavozimidan ozod etildi, vazir o‘rinbosari O.Omonov 6 oyda raqamlashtirishda o‘zgarish qilmasa, ishdan olinishi haqida ogohlantirildi.

Davlatimiz rahbari muammolarga yechim topish bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni belgilab berdi va yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

Bugungi yig‘ilishda ko‘rib chiqiladigan masalalar bo‘yicha salkam ikki yil tayyorgarlik ko‘rilgani, xorijning ilg‘or tibbiyot markazlaridan ekspertlar jalb qilingani taʼkidlandi.

“Agar birlamchi bo‘g‘in, raqamlashtirish va sug‘urtani joyiga qo‘ysak, tibbiyot xodimlarini bilim va amaliy ko‘nikmasini yaxshilasak, muhimi, aholining tibbiy madaniyatini oshirsak, shuning o‘zi orqali ko‘zlagan maqsadlarimizga erishamiz”, - dedi Prezident.

Endilikda birlamchi bo‘g‘inda tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha yangi tizim bo‘lishi belgilandi. Prezidentimiz buni Ishtixon tumanidagi bitta poliklinika misolida chuqur tahlillar asosida tushuntirib berdi.

Ishtixondagi “O‘zbekiston” nomli poliklinikaga 7 ta mahalla biriktirilgan. Lekin 6 nafar oilaviy shifokor 9 ta shtatni band qilib, yuklamani eplay olmayapti. Bu poliklinikada yana 6 ta vrach shtati bo‘sh.

Kafolatlangan paketga zarurati puxta o‘ylanmasdan 90 turdagi dori kiritilgani bois poliklinikaga buning yarmi ham kelmayapti. Poliklinikadagi laboratoriya tahlilini birorta shifoxona tan olmaydi.

Eng ko‘p murojaat bolalar kasalliklariga to‘g‘ri kelgani bilan, oilaviy shifokorlarda ko‘nikma yetishmagani uchun ular pediatr vazifasini to‘liq bajara olmayapti. Tug‘ruq yoshidagi 9 ming ayol uchun bor-yo‘g‘i 1,5 stavka ginekolog shtati berilgan.

Aholining 35 foizi yurak-qon tomir, qandli diabet, oshqozon-ichak kabi surunkali kasalliklarga chalingan. Bunday kasalliklarni erta aniqlash, profilaktika qilish va asoratlarini kamaytirish bo‘yicha tibbiyot brigadalarining ishi ko‘rinmayapti.

Shu bois, ushbu tizim o‘zgarishi belgilandi.

Endilikda tibbiyot brigadasi hamda unga biriktirilgan aholi o‘rtasida huquq va majburiyatlarni belgilovchi ikki tomonlama shartnoma tuziladi. Aholi oilaviy shifokorni erkin tanlaydi, bu jarayonlarga xususiy oilaviy shifokorlar ham jalb etiladi.

Tibbiy yordamning kafolatlangan paketi tasdiqlanadi va paket doirasida tibbiy xizmat va dori vositalari to‘liq byudjetdan qoplanadi.

Shuningdek, poliklinikada akusher-ginekologlar 2 barobar ko‘payadi. Har 3 ming bola uchun 1 tadan pediatr shtati yangidan qo‘shiladi.

Bundan buyon birlamchi bo‘g‘inda yarim yoki 0,25 stavka bo‘lmaydi. Barcha shifokor va hamshiralar faqat to‘liq stavkada ishlaydi.

Umuman, tumandagi mahalla va oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar faoliyati maqbullashtirilib, 12 mingdan ko‘p odamga xizmat qiladigan 7 ta yirik poliklinika, qolgan 27 tasi kichik poliklinika sifatida qaytadan tashkil qilinadi.

Tumandagi markaziy poliklinika esa tuman shifoxonasining maslahat-diagnostika bo‘limiga aylantiriladi. Barcha tor soha mutaxassislari shu yerda ishlaydi.

Nogironlikni belgilashda VKK – vrachlik-maslahat komissiyalari degan korrupsion tizimdan to‘liq voz kechilishi belgilandi. Endilikda nogironlik oilaviy shifokor rasmiylashtirgan hujjat asosida tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Mutasaddilarga bu tizimni 1 iyundan Toshkent shahri va Navoiyda, 1 sentyabrgacha qolgan hududlarda to‘liq joriy qilish topshirildi.

Shu bilan birga, kasalliklarni barvaqt aniqlash va asoratlarini kamaytirish bo‘yicha ham yangi mahallabay tizim bo‘ladi.

Masalan, Ishtixondagi poliklinikaga va mahallalarga viloyatdagi kardiologiya, endokrinologiya va ona-bola markazlari, markaziy shifoxona vrachlari biriktiriladi. Ular mahallalarda yurib, aholini to‘liq diagnostikadan o‘tkazadi, biriktirilgan oilaviy shifokorlarga kasalliklarni erta aniqlash va davolashni joyida o‘rgatadi, davolash va diagnostika bo‘yicha yangicha yondashuvlarni poliklinikada joriy qiladi.

Samarqand tibbiyot universiteti professor-o‘qituvchilari, magistratura bitiruvchilari ilmiy ishlarini shu yerga kelib yozadi.

Yil yakunida natija bo‘lsa, mahallaga biriktirilgan ushbu mutaxassislar oyligining 2 karra miqdorida mukofotlanadi.

Prezident aytilgan yangi tizimni joriy yilda Ishtixon bilan birga Samarqand shahri, Bulung‘ur tumani va qolgan viloyatlarning 1 tadan tumanida, keyingi yildan to‘liq Samarqand viloyatida, 2027 yildan esa bosqichma-bosqich barcha hududlarda joriy qilishga topshiriq berdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga yil oxirigacha tibbiyot oliygohlari bilan 15 ta tumandagi 4 ming 700 nafar oilaviy shifokor va hamshirani “Oila salomatligi” dasturi bo‘yicha, rahbarlarni esa menejerlikka o‘qitish topshirildi.

15 ta tumandagi poliklinika va shifoxonalar faoliyatini yangi tizim asosida tashkil qilish uchun bu yil 285 milliard so‘m, bunga qo‘shimcha viloyat hokimlari tomonidan ham kamida 10 milliard so‘mdan ajratilishi belgilandi.

“Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar” dasturi boshlanishi eʼlon qilindi.

Bunda, viloyat hokimlari kutish joylarida qulay o‘rindiqlarni ko‘paytirib, navbatni tartibga keltirish, “ona-bola” xonalarini tashkil qilish, nogironligi borlar erkin harakatlanishi uchun kirish-chiqish joylari, xona va yo‘laklarda inklyuziv muhit yaratish, qo‘l yuvishga issiq suvi bor pokiza hojatxonalar tashkil etish uchun masʼul bo‘ladi.

“Oddiy qilib aytganda, tibbiyot muassasasiga madaniyat, tartib-intizom, fayz olib kirib, odamlarga ijobiy kayfiyat ulashadi”, - dedi Prezident.

Bunga har bir viloyat hokimi 10 milliard so‘mdan ajratadi.

Mutasaddilarga bu ishlarni butun respublikada tizimli tashkil qilish, to‘qson kun natijasi bo‘yicha Prezidentga batafsil hisobot berish topshirildi.

Yuqumli kasalliklarning 35-40 foizi oddiy gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida yuzaga kelayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu munosabat bilan barcha maktab, bog‘cha, texnikum, oliygoh, poliklinika va shifoxonalarda “Toza qo‘llar” dasturi amalga oshiriladi. Unga ko‘ra:

- taʼlim va tibbiyot tashkilotlaridagi qo‘l yuvish joylari sanitar-gigiyena vositalari bilan to‘liq taʼminlanadi,

- sharoiti og‘ir bo‘lgan 126 ta maktabda hojatxonalar binoni ichida joylashtirilib, yangidan quriladi, 6 mingdan ziyod bog‘chaga geliokollektor olib beriladi;

- 4 ming 295 ta ijtimoiy muassasada suv baki va sisterna o‘rnatiladi.

Ushbu maqsadlar uchun shu yilning o‘zida byudjetdan 780 milliard so‘m ajratiladi.

Har bir ijtimoiy soha muassasasi toza, ozoda bo‘lishi, unda odamlar uchun qulay sanitar-gigiyena sharoiti yaratilishi shartligi qayd etildi.

“Toza qo‘llar” dasturining mohiyati, shaxsiy gigiyena haqida katta targ‘ibot kampaniyasini tashkil etish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Hududlarda yuqori texnologik operatsiyalarni o‘tkazish imkoniyati bo‘lsada, bemorlar hali ham Toshkentga kelayotgani qayd etildi. Misol uchun, o‘tgan yili yurak ishemik kasalligi bor bemorlarga ko‘rsatilgan koronarografiya va stentlash amaliyotining 80 foizi Toshkentda bajarilgan.

Jarrohlik amaliyoti talab qilmaydigan yurak ishemik kasalligi bor bemorlarni ham poytaxtga kelishi kamaymagan.

Eski “order” tizimidan voz kechilib, imtiyozli toifadagi shaxslarni “elektron yo‘llanma” orqali davolashga o‘tilganiga ikki yil bo‘ldi.

Lekin respublika markazlarining birortasi bemorlarning viloyat yoki tumanda qolib davolanishidan manfaatdor emasligi tanqid qilindi. Sabab – mablag‘ning asosiy qismi haligacha respublika markazlariga ajratilmoqda.

Shu munosabat bilan respublika markazlarida byudjet hisobidan faqat yuqori texnologiyali murakkab amaliyotlar o‘tkazilishi belgilandi. Tuman va viloyatda bemalol qilish mumkin bo‘lgan amaliyotlar uchun respublika markazlariga yo‘llanma berilmaydi.

Mutasaddilarga respublika, viloyat, tumanga yo‘llanma beriladigan kasalliklar ro‘yxatini tasdiqlash topshirildi.

Bu yil elektron yo‘llanma asosida davolashga byudjetdan 1,1 trillion so‘m ajratilmoqda.

Mutasaddilarga hududlarga ajratiladigan mablag‘lar ulushini 14 foizdan 30 foizgacha oshirish topshirildi. O‘tgan yili hududlarga 100 milliard so‘m berilgan bo‘lsa, bu yil ushbu mablag‘ 350 milliard so‘m bo‘ladi.

Elektron yo‘llanma berish va taqsimlash tizimi ham tubdan o‘zgaradi. Yo‘llanmaga kiritilgan kasalliklarni davolash xizmatlariga yagona bazaviy narx tasdiqlanadi. Endilikda bemorga respublika darajasida davolanish uchun berilgan yo‘llanma yagona elektron platformaga joylashtiriladi.

Platformada respublika markazi, boshqa viloyatdagi davlat va xususiy klinikalar ishtirok etadi. Yaʼni, yo‘llanma uchun tanlov bo‘lib, shifoxonalar bemorni qachon qabul qilishi, qanday davolashi, kerak bo‘lsa, shifokorini hududga yuborib, muolajani o‘sha yerda qilishi bo‘yicha eng maqbul taklifini beradi. Ushbu takliflar asosida bemor o‘ziga eng qulay shifoxonani tanlaydi.

“Shunda respublika markazlari va hududiy shifoxonalar o‘rtasida erkin raqobat bo‘ladi”, - dedi Prezident.

Umuman, tibbiy sug‘urta tizimi faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Afsuski, yurtimizda bolalardagi onko-gematologik kasalliklarning yarmidan ko‘pi so‘nggi bosqichlarda aniqlanmoqda.

Shu bois, xuddi onkologiyada bo‘lgani kabi bolalar saratoniga qarshi kurashish bo‘yicha ham besh yillik dastur qabul qilinadi. Bunga kamida 110 million dollar yo‘naltiriladi.

Bolalar onko-gematologiya markazi huzurida “Bolalar saratoni bo‘yicha akademik xab” tashkil qilinib, yuqori malakali xorijiy mutaxassislar olib kelinadi.

Markaziy Osiyoda yagona bo‘ladigan ushbu akademik xabda mintaqamizdagi shifokorlar bolalar saratoni kasalliklarini erta aniqlash va davolash bo‘yicha xalqaro standartlar asosida o‘qitiladi.

Shuningdek, joylardagi bolalar shifoxonalarining onko-gematologiya bo‘limlari kasallikni erta bosqichda aniqlaydigan eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi.

Bu ishlarni tashkil qilish bo‘yicha tegishli qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Mamlakatimizda har yili 600-700 million dollar mablag‘ samaradorligi isbotlanmagan va o‘rganilmagan dorilarga sarflanmoqda. Bunday dorilarning importdagi ulushi 42 foiz.

Rivojlangan davlatlar dalillarga asoslangan tibbiyotga tayanib, keng miqyosda o‘tkazilgan klinik tadqiqotlar orqali samaradorligi va xavfsizligi isbotlangan dorilardan foydalanadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga xalqaro tan olingan manbalarda “samarasiz yoki samarasi o‘rganilmagan” deb topilgan preparatlarni klinik protokollardan chiqarishni boshlash topshirildi.

Barcha tibbiyot muassasalari, birinchi galda bolalar shifoxonalarida antibiotiklarni asosli qo‘llash bo‘yicha kompleks reviziya o‘tkaziladi va protokollarga amal qilmagan xodimlarga nisbatan chora ko‘riladi.

Bosh prokuraturaga retseptli dorilarni noqonuniy sotganlik uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlash topshirildi.

“Elektron retsept” tizimini Toshkent shahrining Yunusobod tumanida to‘liq ishga tushirib, butun respublikaga namuna qilish vazifasi qo‘yildi.

So‘nggi yetti yilda tibbiyot oliygohlariga qabul 4,5 barobar ko‘payib, yiliga 25 ming nafar yoshlar o‘qishga kirmoqda. Ularning 40 foizi xususiy oliygohlarda o‘qimoqda.

Bitiruv imtihonini oliygohning o‘zi olishi, bilim va ko‘nikmalarni baholovchi shaffof tizim yo‘qligi oqibatida mutaxassislar yetarli bilim va amaliy ko‘nikmasiz mehnat bozoriga kirib kelayotgani qayd etildi.

Endilikda tibbiyot oliygohlari va texnikum bitiruvchilarining zamonaviy diagnostika va davolash usullarini o‘zlashtirishi shaffof tizim asosida alohida baholanadi. Bu tizim ishlayotgan vrach va hamshiralarga ham tatbiq etiladi.

Shu maqsadda Tibbiyot sohasini baholash milliy markazi tashkil qilinadi. Ushbu markazga xalqaro tan olingan xorijiy tashkilot jalb qilinadi. Davlat va xususiy klinikalar esa akkreditatsiyadan o‘tadi.

Tibbiyot xodimlari malakasini oshirish vazifasi davlat va xususiy tibbiyot oliygohlari, ixtisoslashgan markazlar va viloyat muassasalariga beriladi.

Mutasaddilarga shifokor va hamshiralarni tayyorlash bo‘yicha yagona malaka talablarini ishlab chiqish topshirildi.

Dual taʼlim to‘liq joriy qilish mumkin bo‘lgan soha tibbiyot ekani taʼkidlandi.

Lekin tibbiyot oliygohlari qoshidagi birorta klinika ularning balansida emasligi bunga to‘sqinlik qilayotgani qayd etildi.

Mutasaddilarga Qoraqalpog‘iston, Farg‘ona va Urganch tibbiyot oliygohlariga moliyaviy mustaqillik berish, Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Urganch tibbiyot oliygohlari klinikasini ham ularning tarkibiy tuzilmasiga o‘tkazish topshirildi.

Oliygohlarning tegishli kafedralari klinika bo‘limlaridagi davolash ishlarini boshqaradi.

Tibbiyot oliygohlari rektorlari o‘z tizimidagi klinik bazasi bo‘lgan boshqa muassasalarni ham taʼmirlash-jihozlashga masʼul bo‘ladi.

Tibbiyotni rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda aytilgan katta tashabbuslarning ijrosi joylarda, eng avvalo, birlamchi bo‘g‘inda so‘zsiz taʼminlanishi shartligi qayd etildi.

Har bir vazir, hokim, deputat va senator joylardagi sharoitni o‘z ko‘zi bilan ko‘rsa, qolaversa, o‘zi va oila aʼzolari o‘z hududidagi oilaviy poliklinikaga chiqib, hududiy shifoxonasida davolansa, bu islohotlarning tezroq pastga tushishiga xizmat qilishi alohida taʼkidlandi.

Mutasaddi rahbarlarga dori-darmon ishlab chiqarish, olib kelish, retseptli dorilarni dorixonada sotish, bu jarayonlarni raqamlashtirish, tibbiyot tizimida mablag‘larni to‘g‘ri ishlatish, raqamlashtirish va sug‘urtani joriy etish, korrupsiyani yo‘qotish, sodda qilib aytganda, odamlarni rozi qilish bo‘yicha islohotlar ijrosi ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish topshirildi.

Har bir poliklinika, shifoxona, markazda odamlarni tibbiyotdan rozi qilish, qatʼiy intizom o‘rnatish va madaniyat olib kirish, buning ijrosini muntazam muhokama qilib, rahbarlarning javobgarligini ko‘rib chiqish uchun masʼullar belgilandi.

Yig‘ilish davomida soha va hududlar rahbarlarining hisobotlari va qo‘yilgan vazifalar ijrosini tashkil etish bo‘yicha rejalari tinglandi.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling