Yunusobodda Niyozbek yo‘lida harakat sxemasi o‘zgartirildi
Yunusobodda Niyozbek yo‘lida harakat sxemasi o‘zgartirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrining Yunusobod tumanida Niyozbek yo‘li ko‘chasida yo‘l harakatini tashkil etish tartibiga o‘zgartishlar kiritildi. Qaror transport yuklamasini kamaytirish va «Buyuk Turon» mahallasi aholisi, ayniqsa taʼlim muassasasi yaqinida yashovchilar xavfsizligini oshirish maqsadida qabul qilingan.
Yangi sxemaga muvofiq, Niyozbek yo‘lining 43-maktab hududiga tutash qismida bir tomonlama harakat joriy etildi.
Endi transport vositalari Chingiz Aytmatov ko‘chasidan Amir Temur shohko‘chasi tomon harakatlanadi.
Shuningdek, ushbu ko‘chaga chiqish tartibi ham o‘zgartirildi. Endi Niyozbek yo‘liga Amir Temur shohko‘chasi tomonidan ushbu ko‘chaning uchinchi yo‘lagi orqali kirish mumkin. Mo‘ljal sifatida “PAUL” obyekti ko‘rsatilgan.
Hozirda tuman obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari YHXB bo‘linmalari bilan hamkorlikda zarur yo‘l belgilari, jumladan asosiy va qo‘shimcha ko‘rsatkichlarni o‘rnatish ishlarini olib bormoqda.
Haydovchilarga kiritilgan o‘zgarishlarni inobatga olish, yangi yo‘l belgilariga amal qilish va yangilangan harakat sxemasiga qatʼiy rioya etish tavsiya etiladi.
Qabul qilingan chora-tadbirlar transport oqimlarini tartibga solish va piyodalar xavfsizligini oshirishga qaratilgan.