YTTB va O‘zbekiston hamkorlikni kengaytirish va infratuzilma va energetika sohasidagi yangi loyihalarni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 16-oktabr kuni AQShning Vashinton shahrida o‘tkazilayotgan Jahon banki guruhi va XVJning yillik uchrashuvlari doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) Prezidenti Odil Reno-Basso hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda YTTBning birinchi vitse-prezidenti Greg Guyett, vitse-prezident Matteo Patrone, moliyaviy institutlar bo‘yicha boshqaruvchi direktor Fransis Malij, Prezident ofisi direktori Vinsent Pringol, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi Timur Ishmetov, Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Ilhom Umrzakov, shuningdek, boshqa mas’ul rahbarlar ishtirok etdilar.
Muzokaralar davomida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekistonning joriy makroiqtisodiy holati va o‘rta muddatli istiqbollari, shuningdek, iqtisodiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Xususan, quyidagi yo‘nalishlardagi masalalarga alohida e’tibor qaratildi:
davlat-xususiy sheriklik (DXSh) mexanizmlarini yanada rivojlantirish hamda infratuzilma va energetika sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish;
sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasida startaplarni qo‘llab-quvvatlash, innovatsion ekotizimni kengaytirish;
kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, “Champion” dasturi doirasida grant resurslarini jalb etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish.
Uchrashuvda O‘zbekiston hukumati va YTTB o‘rtasidagi sheriklikning yangi bosqichga chiqayotgani, mavjud loyihalarning samaradorligini oshirish hamda innovatsion yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Tomonlar iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, xususiy sektor faolligini oshirish va yangi investitsion tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.