Yoshlar parlamenti aʼzolari YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori bilan uchrashuv o‘tkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori Antti Karttunen bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida Yoshlar parlamenti raisi Laylo Aslonova ishtirokchilarga mazkur tuzilmaning asosiy vazifalari, maqsadlari va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi faoliyat yo‘nalishlari haqida batafsil maʼlumot berdi.
O‘z navbatida, Antti Karttunen YXHTning O‘zbekistondagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, taʼlim va inson huquqlarini muhofaza qilish sohalaridagi loyihalar haqida maʼlumot taqdim etdi.
Tomonlar uchrashuv doirasida media savodxonlikni oshirish, taʼlim tizimida innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish hamda yoshlar orasida huquqiy bilimlarni oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishdilar.
Uchrashuv yakunida yoshlar siyosatidagi o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish hamda hamkorlikda loyihalar tashkil etishga kelishib olindi.