Yonuvchanlik darajasi yuqori bo‘lgan qurilish materiallaridan foydalanish bo‘yicha ayrim cheklovlar belgilandi
Yonuvchanlik darajasi yuqori bo‘lgan qurilish materiallaridan foydalanish bo‘yicha ayrim cheklovlar belgilandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Adliya vazirligi “Bino va inshootlarning yong‘in xavfsizligi” shaharsozlik normalari va qoidalariga (SHNQ) o‘zgartirishlarni hisobga oldi.
Unga ko‘ra, balandligidan kelib chiqib binolarni pardozlashda, yonuvchanlik darajasi yuqori bo‘lgan qurilish materiallaridan foydalanish bo‘yicha ayrim cheklovlar belgilandi.
Qurilish materiallari yonuvchanlik darajasiga qarab 4 ta turga bo‘linadi.
28 metrgacha bo‘lgan binolarning fasad qismida faqat yonuvchanlik darajasi past (2–4) materiallardan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi.
28 metrdan baland binolarda, balandligidan qatʼiy nazar taʼlim va tibbiyot tashkilotlarida yonuvchan materiallardan foydalanish taqiqlanadi.
Binolarning evakuatsiya yo‘llari (zinapoya, yo‘laklar, hollar, chiqish yo‘laklari) hamda yerto‘la va yarim yerto‘lalarda devor va shiftlarni bezashda yonuvchan materiallardan foydalanish cheklanadi.
Ushbu talablar yong‘in kelib chiqishi va tez tarqalishi xavfini kamaytirish hamda favqulodda vaziyatlarda fuqarolarning xavfsiz evakuatsiyasini taʼminlashga qaratilgan.