Yong'in xavfsizligi to'g'risidagi qonun deputatlar tomonidan qabul qilindi
Yong'in xavfsizligi to'g'risidagi qonun deputatlar tomonidan qabul qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda deputatlar yong‘in xavfsizligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilishdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda yong‘inlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulki ishonchli himoya qilinishini ta’minlash imkoniyatini beruvchi yaxlit yong‘in xavfsizligi tizimini yaratish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga amaldagi qonunchilikda yong‘in xavfsizligi sohasida kompleks huquqiy, tashkiliy va profilaktik chora-tadbirlar hamda mexanizmlar to‘liq yaratilmaganligi, ayrim huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilanmaganligi ushbu sohadagi qonunchilikni yanada takomillashtirish zaruriyatini yuzaga keltirmoqda.
Ushbu qonun loyihasi bilan “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Jinoyat-protsessual hamda Jinoyat kodekslariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.
Xususan, binolarning toifasidan kelib chiqib, texnik talablar, jumladan, yonuvchan qurilish materiallarini ishlatishni taqiqlash va yong‘in natijasida yetkazilgan zararni qoplashdan tashqari aybdordan tovon undirish (tort law) institutini joriy etish nazarda tutilyapti.
Shuningdek, loyiha bilan obyektlarni yong‘in xavfsizligi talablariga mosligi bo‘yicha auditdan o‘tkazish tartibini yo‘lga qo‘yish belgilanmoqda. Qolaversa, mutasaddilarning yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mas’uliyati va shaxsiy javobgarligi oshirilib, loyiha va qurilish-pudrat tashkilotlari, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlarining yong‘in xavfsizligi bo‘yicha huquq va majburiyatlari aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Bundan tashqari, loyiha bilan fuqarolarning yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlari doirasi ham kengaytirilyapti. Bozorlar, savdo komplekslari hamda savdo-ko‘ngilochar markazlari mulkdorlariga yong‘in yuzaga kelishi natijasida uchinchi shaxslarning hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazilgani uchun fuqarolik javobgarligi, shuningdek ushbu obyektlarni yong‘indan sug‘urta qilish bo‘yicha majburiyat yuklanmoqda.
Majlisda qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida mas’ul qo‘mita tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilgani qayd etildi. Jumladan, deputatlar takliflari asosida aholi manfaatlariga zid bo‘lgan ayrim normalar loyiha matnidan chiqarib tashlangani, mahalliy vakillik va ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlari aniqlashtirilib, yong‘indan majburiy sug‘urta qilishga oid normalar takomillashtirilgani ta’kidlandi.
Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi yong‘inlarning oldini olish tizimini takomillashtirish, inson hayoti va sog‘lig‘ini ishonchli himoya qilish, yong‘in xavfsizligi bo‘yicha aholi va tashkilotlar mas’uliyatini yanada kuchaytirish, sohada nodavlat sektori ishtirokini kengaytirish hamda yong‘in oqibatida yetkaziladigan zararlarni kafolatli qoplanishiga xizmat qiladi.
Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.