Yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlashning huquqiy kafolatlari kuchaytirilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 24-yanvarda bo‘lib o‘tgan Senatning uchinchi yalpi majlisida “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun ham ko‘rib chiqildi.
Mazkur Qonun 2024-yil 16-avgustda o‘tgan chaqiriq Senatning 55-yalpi majlisida ham ko‘rilgan edi. Avvalgi muhokamalar jarayonida senatorlar mamlakatimizda so‘nggi yillarda yo‘l harakati ishtirokchilarining tegishli qoidalarga rioya etish madaniyatini oshirish, haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, respublika hududida yo‘l-transport hodisalari sodir etilayotgani va buning natijasida fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy ziyon yetayotganligi haqida o‘z fikrlarini bildirgan edi.
Qonunda yo‘l harakati qoidalariga rioya etmaslikning salbiy oqibatlarining oldini olishga xizmat qiluvchi yangi normalar o‘rin olgan.
Jumladan, Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish orqali transport vositasini takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Bundan tashqari, Jinoyat kodeksida avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek imtihon o‘tkazish va haydovchilik guvohnomasini berish tartibini buzganlik, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganlik va siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda transportda bezorilik, yaʼni ayrim haydovchilar tomonidan boshqarish madaniyatiga rioya qilmay, transport vositasini keskin boshqarish va boshqa harakatlarda ifodalangan “agressiv boshqarish”, “drift”, “shaxmat” shaklida harakatlanish, yo‘llarda to‘siqlarni paydo qilish kabi qoidabuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.
Shunday bo‘lsa-da, Qonundagi ayrim normalar bugungi kundagi real voqelik hamda amaldagi qonun hujjatlari talablariga mos kelmaganligi sababli Senatning 55-yalpi majlisida Senat aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat kelishuv komissiyasini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi. Shundan so‘ng Senat tomonidan bildirilgan taklif va eʼtirozlar kelishuv komissiyasi tomonidan batafsil ko‘rib chiqildi hamda barcha masalalar atroflicha muhokama qilinib, Qonun takomiliga yetkazildi.
Xususan, qonun bilan jarima ballari hisoblangan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy jazo qo‘llash kabi javobgarlik belgilanmoqda. Yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshganligi uchun maʼmuriy jazo qo‘llanilganda haydovchilik huquqidan mahrum qilishning eng kam miqdori olti oydan kam bo‘lmasligi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan yangi 1952-moddasi ham to‘liq qayta ishlandi. Jumladan, fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini foto, video tasvirga tushirish va tasvirlarni tarqatish huquqi saqlab qolindi. Muhofaza qiluvchi organlar xodimlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati to‘liq saqlanib qolmoqda. Oldingi tahrirdan farqli ravishda bor narsani ijtimoiy tarmoqqa qo‘yganlik uchun javobgarlik belgilanmayapti.
Qonunda faqat xodimlarning tasvirini ularni obro‘sizlantirishga olib keladigan tarzda buzib tarqatmaslik, yaʼni xodimning harakatlari, so‘zlari va yuz bergan holatni buzmaslik, shu maqsadda montaj qilmaslik talab etilmoqda.
Mazkur modda sanksiyasida belgilangan jarima miqdorlari ham qaytadan ko‘rib chiqildi. Jumladan, qatʼiy belgilangan BHMning 50 barobari miqdoridagi jarima 20 baravardan 50 baravargacha etib, qatʼiy belgilangan 15 sutka muddatga maʼmuriy qamoqqa olish 10 sutkagacha qisqartirilmoqda, yaʼni holatdan kelib chiqib, sudya undan ham kamroq muddat belgilashi mumkin.
Shundan kelib chiqib, ushbu moddada “huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda olingan foto – va (yoki) videotasvirni ularni obro‘sizlantirishga olib keladigan tarzda buzib tarqatish, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish” uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.
Senatorlarning fikricha, mazkur Qonunning qabul qilinishi, yo‘l harakati ishtirokchilarini yo‘llarda harakatlanish madaniyatini oshirishga, yo‘l harakati ishtirokchilari harakat davomida belgilangan qoidalarga amal qilishini taʼminlashga, pirovardida yo‘l-transport hodisalari soni kamayishiga xizmat qiladi.
Muhokamadan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.