Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik yengillashtirilyapti
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi atroflicha muhokama qilindi. Yig‘ilishda mazkur hujjat orqali maʼmuriy jazo choralari tizimini to‘liqlashtirish, huquqbuzarlikka to‘g‘ri va xolis yondashishga xizmat qiladigan normalarni kiritish taklif etilgani alohida taʼkidlandi.
Qonun loyihasida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilishlari uchun javobgar shaxs aniq tartibda belgilanmoqda. Shuningdek, huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilgan bo‘lsa, ayrim holatlarda maʼmuriy ogohlantirish chorasini qo‘llash imkoniyati yaratiladi. Bu esa huquqbuzarlik og‘ir bo‘lmagan hollarda fuqarolarga nisbatan yumshoqroq yondashish imkonini beradi.
O‘zLiDeP fraksiyasi aʼzolari, ayniqsa, jarimalarning belgilangan muddatda yuborilmasligi orqali fuqarolarga bir necha oy o‘tib javobgarlik yuklash holatlarini keskin tanqid qildi. Kodeksning 36-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar aynan shunday holatlarni bartaraf etish, jarimalar qonuniy muddatda yuborilishini taʼminlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, fraksiya yig‘ilishida maʼmuriy jazolar turlariga “maʼmuriy ogohlantirish”ni alohida tartib sifatida kiritish fuqarolar manfaati uchun to‘g‘ri va adolatli qadam ekani qayd etildi. Bu orqali fuqarolarning huquqiy ongi oshishi bilan birga, jazoning tarbiyaviy jihati ham kuchayadi.
Yig‘ilishda fraksiya aʼzolari loyiha qonunchilikni yana-da takomillashtirishga xizmat qilishini taʼkidlab, uni konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatlashdi hamda ko‘tarilgan fikr-mulohazalar asosida yana-da maromiga yetkazish bo‘yicha takliflar berishdi.