Yoaxim Lyov O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘lish taklifini rad etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2014 yilda Germaniya terma jamoasini jahon chempioni qilgan nemis murabbiyi Yoaxim Lyov O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi bo‘lish taklifini qabul qilmadi.
Bild nashri maʼlumotiga ko‘ra, Lyov Berlindagi O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida mamlakat Futbol assotsiatsiyasi vakillari bilan onlayn muzokaralar o‘tkazgan. U taklifni bir necha kun o‘ylab ko‘rgan, ammo oxir-oqibat rad etish qarorini qabul qilgan.
Rad etish omillaridan biri uning turmush o‘rtog‘i Daniella Shmidning pozitsiyasi bo‘lib, u turmush o‘rtog‘ining ish yuzasidan boshqa mamlakatga ko‘chib o‘tishini emas, balki tinch hayotda nafaqada qolishini maʼqul ko‘rgan.
65 yoshli Yoaxim Lyov 2021 yil mart oyida Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyligidan ketganidan beri hech bir klub yoki milliy jamoani boshqarmagan. 2014 yilda u FIFA tomonidan “Yilning eng yaxshi murabbiyi” deb tan olingan.