YEXHT penitensiar muassasalarga monitoring tashriflarini amalga oshirish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganishga ko‘maklashadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) hamda Xalqaro taraqqiyot va odil sudlov markazi (CDJI) bilan hamkorlikda ozodlikdan mahrum etish muassasalarida monitoringni amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan ikki kunlik trening o‘tkazdi.
Treningning maqsadi qiynoqlarning oldini olish va huquqbuzarliklarni aniqlashda monitoring tashriflarining roli va vazifalarini tushunishni taʼminlash, shuningdek, bunday tashriflarni rejalashtirish va o‘tkazish bo‘yicha xalqaro amaliyotni o‘rganishdir. Tadbirda Ombudsman devoni xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ishtirok etdi.
Interaktiv mashg‘ulotlarni o‘z ichiga olgan ikki kunlik trening davomida ishtirokchilar monitoring tashriflarini rejalashtirish va o‘tkazish, dalillarni to‘plash va tahlil qilish, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalari maʼmuriyati va u yerda saqlanayotgan shaxslar bilan suhbatlar o‘tkazishning samarali usullari bilan tanishdilar. Hisobotlarni xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlash, amaliy tavsiyalarni shakllantirish va ijrosini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbirda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarga monitoring tashriflari davomida qo‘llash uchun mo‘ljallangan metodologiya taqdim etildi. Amaliy topshiriqlar va guruh muhokamalari monitoring tashriflarini rejalashtirishni va ularni keyinchalik o‘tkazish jarayonida ilg‘or tajribalarni yana-da chuqurroq o‘zlashtirishga yordam berdi.
Ushbu trening 2006-yildan buyon davom etib kelayotgan YEXHT va Ombudsmanning O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasidagi ko‘p yillik hamkorlikning mantiqiy davomi bo‘lib, jazoni ijro etish muassasalariga monitoring tashriflari sohasidagi salohiyatni mustahkamlash, shuningdek, ushbu sohada kompleks yondashuvlarni ishlab chiqishga qaratilgan.