Yevropa parlamentida O‘zbekiston va YЕI o‘rtasidagi hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi
Yevropa parlamentida O‘zbekiston va YЕI o‘rtasidagi hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston delegatsiyasining Bryusselga tashrifi doirasida Yevropa parlamentida “Islohotlar va hamkorlik: O‘zbekiston va Yevropa ittifoqi uchun yangi kun tartibi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Yevropa parlamentining O‘zbekiston bo‘yicha doimiy maʼruzachisi Ilxan Kyuchyuk, YEI deputatlari va institutlari, tahlil markazlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Delegatsiya aʼzolari “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini, jumladan, demokratik islohotlar, iqtisodiyotni liberallashtirish, inson huquqlarini himoya qilish tizimini mustahkamlash va investitsiya muhitini yaxshilash borasida erishilgan natijalarni namoyish qildi. Mintaqaviy hamkorlik va strategik sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan ochiq hamda pragmatik tashqi siyosatning ustuvorliklari ham qayd etildi.
Yevropalik ekspertlar amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi va Markaziy Osiyoning YEI uchun ahamiyati tobora ortib borayotganini taʼkidladi. 2025 yil 24 oktyabrda O‘zbekiston va Yevropa ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi savdo-sotiq, investitsiyalar, transport, muhim resurslar va inson huquqlari bo‘yicha muloqot sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Transport va energetika aloqalarini rivojlantirishga, shu jumladan Transkaspiy transport yo‘lagini rivojlantirishga, shuningdek, taʼlim, fan, raqamlashtirish, sunʼiy intellekt va “yashil” iqtisodiyot sohalarida hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Davra suhbati tomonlarning siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirishdan o‘zaro manfaatdorligini tasdiqladi.