Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi maxsus vakili tayinlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yevropa Ittifoqi Kengashi Eduards Stipraysni Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakil (EUSR) etib tayinladi.
U 2025 yil 1 martdan o‘z vazifalarini bajarishga kirishadi.
Uning dastlabki mandati ikki yil davom etadi.
Bayonotda taʼkidlanishicha, yangi YEI maxsus vakili asosiy vazifasi – Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida umumiy qadriyatlarga asoslangan aloqalarni mustahkamlashdan iborat.
Uning vazifalari qatorida mintaqa barqarorligiga ko‘maklashish, davlatlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, demokratiya, qonun ustuvorligi, samarali boshqaruv va inson huquqlarini himoya qilishni qo‘llab-quvvatlash mavjud.
Bundan tashqari, Stiprays Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyodagi roli va taʼsirini oshirish ustida ish olib boradi, xususan, YEXHT va BMT kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish orqali.
Eduards Stiprays tajribali latviyalik diplomat hisoblanadi. U Latviyaning Yevropa Ittifoqidagi doimiy vakili lavozimida ishlagan, Latviya Tashqi ishlar vazirligida davlat kotibi o‘rinbosari – siyosiy direktor sifatida faoliyat yuritgan. 2016-2020 yillarda u Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasiga rahbarlik qilgan, shuningdek, avvalroq Latviyaning Buyuk Britaniya va Fransiyadagi elchisi bo‘lgan.
Stiprays 2021 yil iyulidan buyon lavozimda bo‘lgan Terxi Xakaluning o‘rnini egallaydi.