Yevropa Ittifoqi bilan yangi kelishuv Oʻzbekiston uchun iqtisodiy sheriklik arxitekturasini shakllantiradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Hujjat nafaqat siyosiy muloqotni institutsional darajaga ko‘tarmoqda, balki iqtisodiy pragmatizm va amaliy manfaatlar asosida hamkorlikning huquqiy poydevorini yaratadi.
Bitim 1996-yildagi hujjatni almashtirib, ikki tomonlama munosabatlarni zamonaviy global iqtisodiyot talablariga mos ravishda qayta shakllantirmoqda. Erkin bozor tamoyillari, texnik to‘siqlarni kamaytirish, bojxona jarayonlarini soddalashtirish va xizmatlar savdosini erkinlashtirish - mazkur hujjatning asosiy iqtisodiy ustuvor yo‘nalishlaridir.
O‘zbekiston uchun Bitim Yevropa bozorlariga eksport imkoniyatlarini kengaytirish, xalqaro standartlarga mos ishlab chiqarish tizimlarini joriy etish hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimini tezlashtirish imkoniyatini yaratadi. Shu bilan birga, u GSP+ imtiyozlaridan keng foydalanish va Jahon savdo tashkilotiga a’zolik jarayonini tezlashtirishga xizmat qiladi.
Iqtisodiy hamkorlik bilan bir qatorda, hujjat inson huquqlari, sud mustaqilligi, gender tengligi va fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash sohalarini ham qamrab oladi. Bunday yondashuv mamlakat islohotlarining barqarorligi va xalqaro ishonchini mustahkamlaydi.
Bitim O‘zbekistonning xalqaro munosabatlarida yangi bosqichni ochdi - geosiyosiy emas, iqtisodiy pragmatizm va amaliy manfaatlar ustuvor bo‘lgan sheriklik modeli.